Xitoy Tashqi ishlar vazirligi juma kuni Myanma bo‘yicha siyosiy tahlilchi bo‘lgan amerikalik fuqaro josuslikda ayblanib hibsga olinganini tasdiqladi. Vazirlik matbuot kotibi Lin Jian brifingda Min Zin ismli shaxsga nisbatan “jinoiy majburlov choralari” qo‘llanilganini ma’lum qildi.
Hibsga olingan shaxs – Myanma strategiya va siyosat instituti (ISP-M) asoschisi Min Zin. U AQSh va Myanma fuqaroligiga ega. Xitoy rasmiylari hibs haqida AQShning Guanchjoudagi bosh konsulligini xabardor qilgan.
ISP-M 2021 yilgi harbiy to‘ntarishdan keyin fuqarolar urushiga botgan Myanmaning siyosiy, resurs va mojaro dinamikasini tadqiq qiladi. Min Zin ilgari Myanma harbiy hukumatiga ham, unga qarshi kurashayotgan muxolifat guruhlariga ham tanqidiy maqolalar yozgan.
AQSh Davlat departamenti hibsdan xabardor ekanini va “tegishli konsullik yordami” ko‘rsatishga harakat qilayotganini bildirdi. Xitoy elchixonasi esa “Xitoy qonun ustuvorligiga asoslangan davlat” ekanini ta’kidlab, barcha chet elliklar qonunga rioya qilishi shartligini eslatdi.
Hozirda Xitoyda 200 dan 300 gacha AQSh fuqarosi turli ayblovlar bilan hibsda saqlanmoqda. Vashington ularning ba’zilarini “noqonuniy hibsda” deb hisoblaydi. 2024 yilda tomonlar uch nafardan fuqaroni almashgan edi.
Source: www.aljazeera.com