AQShlik pop-yulduz Ariana Grande prezident Donald Tramp ma'muriyatidan o'z siyosatini targ'ib qilish uchun uning musiqasidan foydalanishni to'xtatishni talab qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Bu bayonot Oq uy shu hafta boshida TikTok’da o'z immigratsiya siyosatini yorituvchi videoni ulashganidan keyin yangradi. Federal agentlar odamlarni hibsga olayotgani va ularga kishan taqayotgani tasvirlangan ushbu videoda Gremmi mukofoti sohibasi bo'lgan xonandaning 2024-yilda chiqqan Bye qo'shig'idan foydalanilgan. Video ostiga esa: “Bye-bye. President Trump has delivered the most secure border in history” deb izoh qoldirilgan.
Videoda zobitlar odamlarga kishan taqayotgani, ularni mashinalarga kuzatib qo'yayotgani va keyin hibsxonalarga joylashtirayotgani tasvirlangan.
“Iltimos, mening musiqamdan hech qachon bunday vahshiyona, g'ayriinsoniy va jirkanch bema'nigarchiliklarga nisbatan foydalanmang”, — deb yozdi Grande payshanba kuni Oq uyning TikTok’dagi videosiga qoldirilgan izohda. Xonandaga yaqin bo'lgan manbaning ma'lum qilishicha, uning jamoasi ushbu musiqani videodan imkon qadar tezroq olib tashlash yo'llarini izlamoqda.
Oq uy matbuot kotibi Ebigeyl Jekson Grandega javoban shunday dedi: “Biz buni oxirgi marta aytamiz: aslida haqiqiy vahshiylik, g'ayriinsoniylik va jirkanchlik — bu beayb AQSh fuqarolariga shikast yetkazayotgan va ularni o'ldirayotgan jinoyatchi noqonuniy migrantlardir”.
Grande ushbu postga javob qaytarganidan so'ng videoning ovozi o'chirib qo'yildi va uning izohi olib tashlandi. Shundan so'ng bir qancha foydalanuvchilar post ostida Grandening izohi g'oyib bo'lgani va video ovozi o'chirilganini ta'kidlab izoh qoldirdi.
Oq uyning ushbu videosi Donald Tramp o'z prezidentlik muddatining qolgan ikki yarim yili davomida immigratsiya idoralarini moliyalashtirish uchun 70 milliard dollardan ortiq mablag' ajratishni ko'zda tutuvchi qonun loyihasini imzolaganidan so'ng e'lon qilindi, deya qo'shimcha qildi BBC News.
Xonanda va “Oskar” mukofotiga nomzod aktrisa bo'lgan Grande o'tgan yili ham Instagram’da Trampga ovoz bergan odamlardan u hokimiyatga qaytganidan beri hayotlari yaxshilandimi-yo'qmi deb so'ralgan postni ulashib, Tramp ma'muriyatini tanqid qilgandi.
O'tgan yili Sabrina Karpenter ham Oq uyning immigratsiya va bojxona nazorati (ICE) operatsiyalari namoyish etilgan videojamlanmasida uning 2024-yildagi “Juno” qo'shig'idan foydalanilganidan so'ng: “Meni yoki mening musiqamni o'zingizning g'ayriinsoniy kun tartibingiz manfaatlariga hech qachon aralashtirmang” deb yozgan edi.
ABBA, Selin Dion va Beyonse ham Trampning 2024-yilgi qayta saylanish kampaniyasi davrida, jumladan, saylovoldi mitinglarida uning jamoasidan o'z musiqalaridan foydalanmaslikni talab qilgan san'atkorlar qatorida bo'lgan.
Source: www.gazeta.uz