Kanada hukumati 16 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlovchi raqamli xavfsizlik to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim etdi. Hujjatda, shuningdek, raqamli regulyator tashkil etish orqali sun’iy intellektga asoslangan chat-botlar xavfsizligini oshirish ham ko‘zda tutilgan.
Kanada o‘zlik va madaniyat vaziri Mark Millerning so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlar va sun’iy intellekt chat-botlari bolalarning sog‘lom rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi, ular depressiya va boshqa ruhiy muammolarga sabab bo‘ladi. Vazirning ta’kidlashicha, yangi qonun yoshlarga jonli muloqot va o‘qishga e’tibor qaratish imkonini beradi.
Qonunga rioya qilmagan kompaniyalar uchun jarima jahon daromadining 3 foizi yoki 10 million Kanada dollari (7,2 million AQSh dollari) miqdorida belgilangan. Eng katta summa qo‘llaniladi.
Qonun loyihasi Tambler-Rij shahridagi maktabda sodir etilgan ommaviy otishma qurbonlarining oilalari OpenAI va uning bosh direktori Sem Altmanni sudga berganidan so‘ng kiritildi. Da’vogarlarning ta’kidlashicha, ChatGPT hujumchi bilan yozishmalar orqali rejalashtirilayotgan hujumdan xabardor bo‘lgan, ammo politsiyani ogohlantirmagan. Ushbu hujumda 9 kishi, jumladan, bir necha bolalar halok bo‘lgan.
Avstraliya 2025-yil dekabrida 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni cheklashni joriy etgan birinchi davlat bo‘ldi. Hozirda Buyuk Britaniya, Fransiya, Ispaniya va Daniya kabi Yevropa mamlakatlari, shuningdek, Turkiya ham shunga o‘xshash choralarni ko‘rib chiqmoqda.
Source: www.gazeta.uz