Bavariya poytaxti Myunxendagi sud Google’ning “AI overview” funksiyasi tomonidan berilgan noto‘g‘ri javoblar uchun kompaniya bevosita javobgar bo‘lishi haqida qaror chiqardi.
Sudya Myunxen I hududiy sudida ikki nashriyot kompaniyasining da’vosi ko‘rib chiqildi. Google’ning AI xulosasi ularni shubhali biznes amaliyotlari, obuna tuzoqlari va firibgarlik sxemalari bilan noto‘g‘ri bog‘lagan edi.
Google o‘z himoyasida ma’lumotlarni qayta ishlash uchun javobgar emasligini va uchinchi tomon kontentini o‘ziniki deb qabul qilmasligini ta’kidlagan. Biroq sud bu dalilni rad etdi.
Sudya AI xulosasi oddiy qidiruv natijalarini ko‘rsatish emas, balki qidiruv tizimi operatoriga tegishli bo‘lgan alohida kontent ekanligini qayd etdi. Sud avvalgi Federal sud amaliyotiga tayanib, oddiy ro‘yxatlar uchun javobgarlikdan himoya qiluvchi qonun AI vositasiga tatbiq etilmasligini aniqladi.
Sud qaroriga ko‘ra, Google AI yordamida natijalarni o‘z so‘zlari bilan umumlashtirib, ularni baholab va tuzilgan formatda taqdim etib, yangi mustaqil bayonotlar yaratadi. Bu oddiy havolalardan farq qiladi.
Sud, shuningdek, Google’ning “foydalanuvchilar AI ma’lumotiga ko‘r-ko‘rona ishonmasliklari kerak” degan himoyasini rad etib, AI xulosasi “mustaqil tushunarli mazmunga ega yakunlangan bayonot” ekanligini ta’kidladi.
Sud Google’ga yolg‘on ma’lumotlarni tarqatishni to‘xtatishni buyurdi va yuridik xarajatlarning 80 foizini kompaniya zimmasiga yukladi. Google vakili qarorni diqqat bilan o‘rganishlarini va hukm hali yakuniy emasligini bildirdi.
Source: www.dw.com