15-iyunga o‘tar kechasi Rossiya kuchlari Ukraina poytaxti Kiyevga yirik havo hujumi uyushtirdi. Ukraina rasmiylarining ma’lumotiga ko‘ra, hujum oqibatida to‘rt kishi halok bo‘ldi, 25 kishi jarohatlandi, jumladan ikki nafar bola ham jabrlangan.
Butun shahar bo‘ylab, xususan Kiyev-Pechersk lavrasi hududida vayronagarchiliklar qayd etildi. U yerdagi Uspenskiy soborida yong‘in chiqqan. 140 mingga yaqin aholi elektr ta’minotisiz qolgan.
Aleksandr Dovjenko nomidagi Milliy kinostudiya ham zarbaga uchradi va liboslar sexi zarar ko‘rdi. Ukraina madaniyat vaziri Tatyana Berejnayaning so‘zlariga ko‘ra, “Ukrainaning eng katta va eng qadimiy kostyumlar kolleksiyasi yo‘q qilindi. Studiyada 100 mingga yaqin kostyum va uch million dona kiyim-kechak bor edi.”
Ukraina Havo kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, tungi hujumda Ukraina bo‘ylab 600 dan ortiq uchuvchisiz uchish apparati va 70 ta raketa qo‘llanilgan, ulardan 50 ta raketa va 582 ta dron urib tushirilgan. Zarbaning asosiy yo‘nalishi Kiyev bo‘lgan, shuningdek, raketalar Dnepr va Xarkovga ham hujum qilgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi “Kiyev rejimining terrorchilik harakatlariga javoban” Ukraina shaharlariga zarbalar berilganini tasdiqladi. Vazirlikning da’vo qilishicha, hujumdan ko‘zlangan maqsad Kiyev, Xarkov va Dneprdagi mudofaa-sanoat majmuasi obyektlari, shuningdek, harbiy aerodromlar va safarbarlik markazlari bo‘lgan. “Zarba maqsadlariga erishildi, belgilangan barcha obyektlar yo‘q qilindi”, deyiladi idora bayonotida.
Shuningdek, Rossiya Mudofaa vazirligi dushanbaga o‘tar kechasi havo hujumidan mudofaa tizimlari Rossiya hududlari ustida Ukrainaning 123 ta uchuvchisiz uchish apparatini urib tushirganini ma’lum qildi. Tula viloyatida buning oqibatida uch kishi halok bo‘lgan.
Source: www.gazeta.uz