Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Eduards Stiprays O‘zbekiston va Qozog‘istonda Yevropa Ittifoqiga boshpana olmagan muhojirlar uchun qabul markazlari tashkil etish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotgani haqidagi xabarlarni rasman rad etdi.
Stipraysning ta'kidlashicha, bunday masalalar avval ham, hozir ham muhokama qilinmagan. U Yevropa Ittifoqi darajasida bunday markazlarni yaratishga imkon beruvchi qonunchilik qabul qilinganini, ammo hozircha faqat huquqiy asos mavjudligini, amaliy qadamlar esa yo‘qligini qo‘shimcha qildi.
Avvalroq Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Erlan Jetibayev 1 iyun kuni Yevropa Ittifoqi bilan muzokaralar olib borilayotgani haqidagi ma'lumotni rad etgan edi. Gap vizani yengillashtirish evaziga muhojirlar markazlarini joylashtirish haqida borayotgan edi, ammo bu versiya tasdiqlanmadi.
Keyinchalik Toshkent ham bu borada Yevropa Ittifoqi bilan hech qanday muzokaralar olib borilmayotganini bildirib, raddiyo berdi.
Eslatib o‘tamiz, muhokamalarga sabab Politico nashrining diplomatik manbalarga tayanib, Avstriya, Germaniya, Gretsiya va Daniya kabi bir qator Yevropa Ittifoqi davlatlari ittifoqdan tashqarida markazlar yaratish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqidagi maqolasi bo‘lgan. Mumkin bo‘lgan joylar sifatida O‘zbekiston va Qozog‘iston tilga olingan edi.
Source: podrobno.uz