Niger mudofaa vazirligi matbuot bayonotiga ko‘ra, poytaxt Niameydagi Diori Hamani xalqaro aeroportiga qurolli shaxslar tomonidan uyushtirilgan hujumda 11 askar va 2 tinch aholi halok bo‘ldi. Hujumda 22 nafar qurolli shaxs ham o‘ldirilgan, 20 ga yaqin gumonlanuvchi qo‘lga olingan.
Hujum ertalab soat 6:00 atrofida boshlangan. Aeroport yaqinida yashovchi bir xodimning aytishicha, u kuchli otishma ovozi eshitgan va xavfsizlik uchun orqaga qaytishga majbur bo‘lgan. Yana bir mahalliy manba kuchli artilleriya o‘qlari eshitilganini bildirgan.
AFP agentligi ma’lumotiga ko‘ra, qurolli shaxslar aeroport yaqinidagi nazorat punktiga “taksi”da kelgan va xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashgan. Otishma bir necha soat davom etgan.
Mudofaa vazirligi bayonotida armiyaning “keng ko‘lamli operatsiyasi” davom etayotgani va aeroport to‘liq xavfsiz ta’minlangan holda ochiq qolgani aytilgan. Tushga yaqin vaziyat tinchlanib, faqat armiya tozalash operatsiyalari bilan bog‘liq vaqti-vaqti bilan otishmalar eshitilgan.
Hujum uchun hech kim mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmagan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 4 kishi yaralangan. Aeroport va harbiy aviabaza bir majmuada joylashgan.
Yanvar oyida ISHID bilan bog‘liq guruh ushbu majmuaga hujum qilgan edi. O‘shanda 20 jangari o‘ldirilgan, 4 askar yaralangan. Guruh havo qo‘mondonligi va dron obyektlarini nishonga olganini ma’lum qilgan.
So‘nggi haftalarda hukumat aeroport yonidagi noqonuniy uylarni buzishni boshlagan, bu “terroristik” xavfga qarshi chora sifatida izohlangan. Aeroport perimetri kengaytirilib, 350 dan ortiq xavfsizlik kameralari o‘rnatilgan.
Niamey aeroporti mamlakatning eng strategik harbiy obyektlaridan biri bo‘lib, G5 Sahel “terrorizmga qarshi” kuchlari, Rossiya harbiylari va isyonchi guruhlarga qarshi zarbalar beruvchi dron bo‘linmasi joylashgan. Niger sotmoqchi bo‘lgan uran zaxiralari ham shu yerda saqlanadi.
Source: www.aljazeera.com