Eron Oliy rahnamosi Oyatulloh Mujtaba Xomeneiy Tehron va Vashington o‘rtasida yaqinda imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumiga dastlab qarshi bo‘lganini, biroq Eron rahbariyati mamlakat manfaatlari himoya qilinishiga kafolat berganidan keyin uni ma'qullaganini aytdi.
Oyatulloh Xomeneiyning yozma bayonotida u kelishuv haqida “boshqa fikrda” bo‘lgani, ammo Prezident Mas’ud Pezeshkiyon va boshqa amaldorlar “Eron xalqi va qarshilik frontining huquqlari”ni himoya qilishga va’da berib, kelishuv uchun mas’uliyatni o‘z zimmalariga olganidan keyin ruxsat bergani qayd etilgan.
Xomeneiy Vashingtonning qo‘shimcha talablarini qabul qilmaslik haqida ogohlantirgan: “Agar Amerika tomoni ochko‘zlik qilmoqchi bo‘lsa, ular [Eron rahbariyati] buni qabul qilmaydi”.
Shu bilan birga, u AQSh bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni ma’qullab, “Yuzma-yuz muzokaralar dushman fikrini qabul qilish degani emasligi aniq”, degan.
Eron rasmiylarining juma kuni Shveytsariyaga kelishuvni amalga oshirish bo‘yicha muzokaralarga borishi noaniqligicha qolmoqda. Tasnim axborot agentligi manbaga tayanib, Tehronda delegatsiya yuborish haqida hali yakuniy qaror qabul qilinmaganini va maslahatlashuvlar davom etayotganini xabar qilgan.
Shveytsariya Tashqi ishlar departamenti muzokaralar rejalashtirilganidek o‘tishi kutilayotganini bildirgan. Memorandum AQSh prezidenti Donald Tramp va Eron prezidenti Pezeshkiyon tomonidan 28 fevraldagi AQSh va Isroil hujumlaridan keyin boshlangan mojaroni tugatishga qaratilgan sulh kelishuvidan so‘ng elektron tarzda imzolangan.
AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens Tehron va Vashington o‘rtasida 60 kunlik muzokara davri rasman boshlanganini va Eron portlariga dengiz transporti cheklovlari bekor qilinganini aytgan.
Muzokaralar ikki davlatni ajratib turgan eng bahsli masalalardan biri — sanksiyalarni yumshatishga qaratilgan bo‘lishi kutilmoqda. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Isroil qo‘shinlarini Janubiy Livandan yaqin vaqt ichida olib chiqishni istisno qilgan. Biroq Tramp ijtimoiy tarmoqdagi postida kelishuv doirasida AQSh Livanda, Hizbulloh va Isroil o‘rtasida “to‘liq sulh” kutishini bildirgan.
Memorandum muzokarachilarga Eron yadro dasturini qamrab oluvchi yakuniy kelishuvga erishish uchun 60 kungacha vaqt beradi. BMT bilan bog‘liq Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) rahbari Rafael Mariano Grossi memorandum imzolanishini olqishlab, ikki tomonga Eron yadroviy faoliyati bilan bog‘liq tekshiruv choralarida yordam berishga tayyorligini bildirgan.
Kelishuv doirasida Eron dunyodagi eng muhim yuk tashish yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochishga qadam qo‘ygan, AQSh esa Eron portlarining dengiz blokadasini tugatgan. Eron Oliy milliy xavfsizlik kengashi Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadigan tijorat kemalaridan keyingi 60 kun davomida o‘tish to‘lovi olinmasligini e’lon qilgan.
AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) Amerika kuchlari endi Fors ko‘rfazi va Ummon ko‘rfazidagi Eron portlariga boradigan yoki ulardan keladigan kemalarga to‘siq qo‘ymasligini ma’lum qilgan. Keskinlikning pasayishi bir qancha davlatlarning sayohat bo‘yicha maslahatlarini qayta ko‘rib chiqishiga sabab bo‘lgan. Buyuk Britaniya Fors ko‘rfazidagi ayrim hududlarga, jumladan, BAA, Qatar va Quvaytga muhim bo‘lmagan sayohatlar tavsiya etilmasligini bekor qilgan.
Source: www.aljazeera.com