Fransiyada politsiya giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq tergov doirasida Parij chekkasidagi uylarda tintuv o‘tkazdi. Natijada kutilmagan topilma – Pablo Pikassoning 12-15 million yevroga baholangan kartinasi aniqlandi.
Tintuvlar avval Shampinyi-syur-Marn kommunasida, so‘ngra qo‘shni Ormessonsyur-Marn shaharchasida olib borilgan. Aynan shu ikkinchi joydan mashhur rassomning asari topilgan. Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, kartinaning haqiqiyligi tasdiqlangan.
Kartinada Pikassoning sobiq sevgilisi va ilhom manbai bo‘lgan Mari-Terez Valter tasvirlangan. Asar 12-15 million yevroga baholanmoqda. Politsiya kartina bilan birga 17 kilogramm gashish, 200 ming yevrolik hashamatli buyumlar va bir necha ming yevro naqd pulni musodara qilgan.
Kartina 37 yoshli asosiy gumondorning xolasining uyidan topilgan. Gumondor san’at asarlarini saqlash kompaniyasida ishlaydi. U o‘g‘irlikni tan olgan, biroq buni xavfsizlik tizimidagi kamchiliklarni ko‘rsatish maqsadida qilganini aytgan. Kartinani o‘g‘irlash va yashirish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Jami yana besh kishi ushlangan, ulardan uchtasi qamoqqa olingan.
Avvalroq Fransiyada Luvrni talon-taroj qilishda gumon qilingan ikki kishi qo‘lga olingani xabar qilingandi. Ular uyushgan o‘g‘irlik va jinoiy til biriktirishda ayblanib, qamoqqa olingan. O‘sha paytda qirollik qimmatbaho buyumlari hali topilmagan edi.
Source: podrobno.uz