Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov AQShning Shimoliy Karolina shtati Sharlott shahrida o‘tkazilgan birinchi Daniel Naroditskiy xotira turnirining blits yo‘nalishida g‘olib chiqdi. U finalda 9 imkoniyatdan 7,5 ochko jamg‘arib, 6000 dollar mukofot puliga ega bo‘ldi.

Sindarov 7 ochko to‘plagan amerikalik grossmeyster Uesli Soni ortda qoldirdi, uchinchi o‘rinni 6 ochko bilan amerikalik Itan Shixan egalladi. Final bosqichi Masters saralash blits turnirining eng yaxshi 10 nafar ishtirokchisi o‘rtasida bo‘lib o‘tdi.

Turnirning ochilish qismida kam uchraydigan vaziyat kuzatildi: aka-uka Javohir va Islombek Sindarovlar o‘zaro to‘qnash keldi. Ushbu partiya sharhlovchilarning e’tiborini tortdi, amerikalik grossmeyster Fabiano Karuana hayratini yashira olmadi. Javohir Sindarov g‘alaba qozondi.

Finalda Sindarov oltita g‘alabaga erishdi va uchta partiyani durang bilan yakunladi. U O‘zbekistonning boshqa bir vakili Muhiddin Madaminov bilan durang o‘ynadi, Itan Shixan, Vasif Durarbayli, Sem Sevian, Endi Vudvord, Semyon Xanin va Boris Gelfand ustidan g‘alaba qozondi, shuningdek, Uesli So va Hikaru Nakamura bilan ochkolarni bo‘lishib oldi.

Sindarovning blits-finaldagi performansi 2870 ni tashkil etdi va uning blits reytingi 20,7 punktga ko‘tarildi. Bundan avvalroq u rapid yo‘nalishida ham g‘olib chiqqan edi: 7 imkoniyatdan 6 ochko jamg‘arib, tay-breykda hindistonlik Aravind Chitambaramni 2:0 hisobida mag‘lub etdi va 3000 dollar mukofot oldi.

Turnir 3-5 iyul kunlari bo‘lib o‘tdi va amerikalik grossmeyster, sharhlovchi va shaxmat ommalashtiruvchisi Daniel Naroditskiy xotirasiga bag‘ishlandi. Musobaqa dasturidan rapid, blits, blits finali hamda shaxmatdagi mualliflar va strimerlari o‘rtasidagi turnir o‘rin oldi.

Source: www.gazeta.uz