Xitoyning Fujian provinsiyasidagi Jinjiang shahrida joylashgan poyabzal fabrikasida yong‘in sodir bo‘ldi. Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘in oqibatida qurbonlar bor, ammo aniq raqamlar hozircha e’lon qilinmagan.
Xitoy Favqulodda vaziyatlar vazirligi 200 ga yaqin o‘t o‘chiruvchi va qutqaruvchilarni voqea joyiga jo‘natgan. Ular yong‘inni o‘chirish va binoda qolgan odamlarni qutqarish uchun “barcha kuch”ni safarbar qilganliklarini bildirishgan.
Xitoy rahbari Si Szinpin davlat matbuotiga bergan bayonotida, ko‘plab ishchilar hali ham bino ichida qamalib qolgani sababli “katta insoniy yo‘qotishlar” kutilayotganini aytgan. U qutqaruv ishlari va jabrlanganlar oilalarini qo‘llab-quvvatlashda hech qanday kuchni ayamaslik kerakligini ta’kidlagan.
Yong‘in joyida o‘nlab o‘t o‘chirish mashinalari kuygan ko‘p qavatli binoga suv sepmoqda, tutun esa hali ham chiqishda davom etmoqda. Vazirlik yong‘in sababini tekshirish, saboq olish va shunday hodisalarning takrorlanishini oldini olish uchun samarali choralar ko‘rish zarurligini bildirgan.
Pekin noyabr oyida Gonkongda 168 kishining hayotiga zomin bo‘lgan bir qator ko‘p qavatli binolardagi yong‘inlardan so‘ng, baland binolar va fabrikalarni yong‘in xavfsizligi talablariga moslashtirish bo‘yicha yangi kampaniya boshlagan edi. Bir oy o‘tib, Guangdong provinsiyasidagi turar-joy binosidagi yong‘in 12 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan.
Source: www.dw.com