Telegram messenjerining qisqa havolalar uchun foydalaniladigan t.me domeni global miqyosda ishlamay qoldi. Foydalanuvchilar ushbu formatdagi havolalarni brauzerda ocha olmayotgani xabar qilinmoqda.
Muammo yuzaga kelgach, Telegram avtomatik ravishda telegram.me domeniga o‘tdi. Masalan, ilova https://t.me/gazetauz_uzb/52651 o‘rniga https://telegram.me/gazetauz_uzb/52651 havolasini taklif qilmoqda. Shu bilan birga, Telegram ilovalarining o‘zi hali ham t.me formatidagi havolalarni tanib, ularni messenjer ichida ochmoqda.
“Kod Durova” kanalining yozishicha, domen hozircha noma’lum sabablarga ko‘ra reyestr darajasida bloklab qo‘yilgan — t.me saytida serverHold statusi paydo bo‘lgan. Qayd etilishicha, bunday status huquqiy nizo, ichki tekshiruv, huquq-tartibot idoralari talabi, reyestr qoidalarining buzilishi yoki texnik xatolik tufayli qo‘llanishi mumkin.
t.me domeni Chernogoriyaning milliy domen hududiga tegishli bo‘lib, reyestr operatori doMEn kompaniyasi hisoblanadi. “Kod Durova” ta’kidlashicha, bu yerda “Roskomnadzor” yoki Rossiya aloqa operatorlari tomonidan bloklanish haqida gap ketmayapti.
Telegram asoschisi Pavel Durov X ijtimoiy tarmog‘i orqali registratorga murojaat qilib, bloklanish sababini tushuntirishni so‘radi. “Ey domainME, t.me havolalari ishlamay qoldi. Muammo nimada ekanini aniqlashtirib bera olasanmi?” — deb yozdi Durov.
Source: www.gazeta.uz