Amerika Qo'shma Shtatlari Eron hududiga uchinchi kecha ham hujum uyushtirdi. AQSh Markaziy qo'mondonligi (CENTCOM) ma'lumotlariga ko'ra, zarbalar 4:45 da (GMT 20:45) boshlanib, besh soat davom etgan. Hujumlar natijasida Bushehr, Chohbahor, Jask, Konarak, Abu Muso va Bandar-Abbosdagi harbiy nishonlar yo'q qilingan.
Eron esa o'z navbatida Fors ko'rfazida bir necha to'lqinli javob hujumlarini amalga oshirdi. Eron Islom inqilobi qo'riqchilari korpusi (IRGC) Birlashgan Arab Amirliklariga tegishli ikkita neft tankerini, Bahrayn va Quvaytdagi AQSh harbiy ob'ektlarini nishonga olgan. Tankerlardan birida bir hindistonlik halok bo'lgan, sakkiz kishi yaralangan.
Quvaytda AQShning Patriot raketalariga, yoqilg'i baklariga va kuzatuv minoralariga uchuvchisiz samolyotlar bilan hujum qilingan. Bahrayndagi al-Juffayr bazasidagi AQSh kuchlari va Beshinchi flotga raketa va dronlar yo'llangan. Iordaniyada esa Erondan otilgan to'rtta raketa urib tushirilgan.
AQSh prezidenti Donald Tramp 10 iyul kuni Kongressni Eron bilan jangovar harakatlar 7 iyulda qayta boshlangani haqida rasman xabardor qilgan. Tramp Eronning hujum qobiliyati yo'q qilinayotganini, ammo kelishuv hali ham mumkinligini aytdi. Shuningdek, u ko'rfaz davlatlaridan yuk tashishni himoya qilish xarajatlarini qoplashni talab qildi.
Eron parlamenti Milliy xavfsizlik qo'mitasi rahbari Ibrohim Aziziy Xormuz bo'g'ozini boshqarish bo'yicha qonun loyihasi kiritilganini ma'lum qildi. AQSh tomonidan e'lon qilingan dengiz blokadasi 20:00 GMT da kuchga kiradi. Neft narxi 9 foizga oshib, Brent 81 dollarga yetdi, Xormuz bo'g'ozidan o'tish esa 52 foizga kamaydi.
Source: www.aljazeera.com