Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) 17-iyulga o‘tar kechasi Eronga navbatdagi aviazarbalar seriyasini yo‘llaganini ma’lum qildi. Zarbalar Eronning o‘nlab harbiy nishonlariga, jumladan, sohilbo‘yi kuzatuv va havo hujumidan mudofaa obyektlari, harbiy-logistika infratuzilmasi hamda dengiz obyektlariga berilgan.

Associated Press’ning Eron davlat OAVlariga tayanib yozishicha, Eron janubidagi Hurmuzgon hududida avtomobil va temiryo‘l ko‘priklari o‘qqa tutilgan. Oqibatda, Eron rasmiylarining ma’lumotlariga ko‘ra, kamida yetti kishi halok bo‘lgan. Agentlikning qayd etishicha, hujumdan ko‘zlangan maqsad, katta ehtimol bilan, Bandar-Abbos portini Eronning markaziy hududlariga, jumladan, Tehronga olib boruvchi yo‘llardan uzib qo‘yish bo‘lgan.

Zarbalar, shuningdek, Eronning O‘mon ko‘rfazidagi Chobahor portida joylashgan kuzatuv minorasini ham vayron qilgan. Undan tijorat kemalari harakatini nazorat qilish uchun foydalanib kelingan.

Eron bunga javoban Iordaniya, Qatar, Kuvayt va Bahrayndagi AQSh harbiy obyektlariga raketa zarbalari yo‘lladi, deb yozdi CNN.

14-iyul kuni AQSh Eron portlarining dengiz blokadasini qayta tikladi. AQSh prezidenti Donald Tramp, agar Tehron Vashington bilan kelishuv bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlamasa, Eron elektr stansiyalari va ko‘priklariga zarba berish bilan yana tahdid qilgandi.

Iyun oyida AQSh va Eron urushni tugatish va Hurmuz bo‘g‘zini blokadadan chiqarishni nazarda tutuvchi o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagandi. Tomonlar cheklangan tarzda zarbalar almashishda davom etdi, biroq iyul oyi boshida faol ravishda o‘zaro hujumlarni qayta boshladi. O‘shanda Donald Tramp Eron bilan o‘t ochishni to‘xtatish rejimi “yakunlanganini” ma’lum qilgandi.

Source: www.gazeta.uz