Daniyaning farmatsevtika giganti Novo Nordisk AQShning raqobatchisi Eli Lilly’ni “yolg‘on va chalg‘ituvchi” reklamalar tarqatishda ayblab sudga murojaat qildi.
Novo Nordisk’ning ta’kidlashicha, Eli Lilly o‘z reklamalarida kompaniyalarning vazn yo‘qotish va diabetga qarshi mahsulotlarini solishtirishda noto‘g‘ri ma’lumotlardan foydalangan. Xususan, Eli Lilly o‘zining Mounjaro va Zepbound dori vositalarining past dozalarini Novo Nordisk’ning Wegovy va Ozempic kabi mashhur GLP-1 agonistlarining yuqori dozalari bilan solishtirgan.
Daniya kompaniyasi raqobatchining reklamalari “natijalarni mahsulot darajasidagi ustunlik sifatida aldamchi tarzda taqdim etib, muhim klinik kontekstni yashirgan yoki o‘tkazib yuborgan” deb da’vo qilmoqda.
Novo Nordisk’ning bosh yuridik maslahatchisi Jon F. Kukelman: “Yangi va samaraliroq davolash usullari paydo bo‘layotgan bir paytda, odamlar eng so‘nggi ilmiy dalillarni aks ettiruvchi va ularga asoslangan qarorlar qabul qilishga yordam beradigan aniq ma’lumotga loyiqdir”, dedi.
Sud da’vosining markazida Eli Lilly’ning “so‘nggi global sport translyatsiyalari, TikTok va Facebook’da namoyish etilgan, keng tarqalgan chalkashlikka sabab bo‘lgan” reklama kampaniyasi turibdi.
Da’vo Nyu-Jersidagi AQSh okrug sudiga berilgan bo‘lib, unda raqobat qonunlari va federal yolg‘on reklama to‘g‘risidagi qonunlarning buzilishi da’vo qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, ushbu dorilar organizmning tabiiy GLP-1 gormonini taqlid qiladi, u ovqatdan so‘ng ishlab chiqariladi va ishtahani nazorat qiladi. Ikkala kompaniya ham sun’iy GLP-1 molekulalarini ishlab chiqqan bo‘lib, ular 2-toifa diabet va vazn yo‘qotish uchun ishlatiladi, bu esa ikkala kompaniyaga katta daromad keltirgan.
Source: www.dw.com