Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Bugun, 28-iyul kuni Yaponiyaning janubi-g‘arbidagi Kumamoto prefekturasida 7,1 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Zilzila o‘chog‘i taxminan 10 kilometr chuqurlikda joylashgan bo‘lib, bu haqda BBC News xabar berdi.

Kyodo agentligining ma’lumotiga ko‘ra, Yaponiyada qabul qilingan seysmik shkala bo‘yicha yer silkinishining eng yuqori kuchi 7 ballga yetgan. Oqibatda kamida 50 kishi jabrlangan, 48 ming xonadon esa elektr ta’minotisiz qolgan.

150 mingdan ortiq kishiga evakuatsiya punktlariga ko‘chib o‘tish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Qisqa muddatga sunami xavfi haqida ogohlantirish e’lon qilingan bo‘lsa-da, bir soat ichida bekor qilindi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Kumamoto prefekturasidagi Aeon Mall savdo markazida bir necha kishi binoda qamalib qolgan. Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichi zilzila oqibatida insonlar qurbon bo‘lgani va yetkazilgan zarar hajmi hali ham baholanayotganini ma’lum qildi.

“Bizga jabrlanganlar haqida xabarlar kelib tushdi, — dedi Takaichi. — Ayrim hududlarda elektr ta’minotida uzilishlar va yong‘inlar sodir bo‘ldi. Shuningdek, yo‘llar va ko‘priklarga zarar yetdi, ayrim binolar qulab tushdi”.

Yaponiya dunyoda zilzilalar eng ko‘p kuzatiladigan mamlakatlardan biri hisoblanadi. Bu yerda har yili taxminan 1500 ta yerosti silkinishi qayd etiladi. Mamlakat Tinch okeani havzasini qisman o‘rab turuvchi vulqonlar va okean chuqurliklari tarmog‘i — “Tinch okeani olov halqasi”da joylashgan. Dunyoda magnitudasi 6 va undan yuqori bo‘lgan zilzilalarning taxminan 20 foizi Yaponiya hissasiga to‘g‘ri keladi.

Source: www.gazeta.uz