Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

13-avgust kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Kuril orollarining Iturup oroliga tashrif buyurdi. Bu uning ushbu hududga birinchi bor kelishi bo‘lib, Kreml matbuot xizmati bu haqda rasman ma’lum qildi. Tashrif doirasida Putin “Yasniy” baliqni qayta ishlash kombinati, Kuril markaziy tuman shifoxonasi va Rossiya qahramoni E.D. Norpolov nomidagi maktabni ko‘zdan kechirdi.

Shuningdek, u Saxalin viloyati gubernatori Valeriy Limarenko bilan uchrashib, mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi masalalarini muhokama qildi. Bu tashrif Rossiya-Yaponiya munosabatlarida keskinlikni yanada oshirdi, chunki Tokio bu hududlarni o‘zining “shimoliy hududlari” deb hisoblaydi.

Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi darhol javob qaytardi. Tashqi ishlar vaziri Motegi o‘z bayonotida “Iturup orolini o‘z ichiga olgan Shimoliy hududlar tarixiy jihatdan ham, xalqaro huquqqa ko‘ra ham azaldan Yaponiya hududi hisoblanadi” dedi va “Yaponiya hukumati ushbu tashrifga keskin norozilik bildiradi” deb ta’kidladi.

Bu voqea Rossiya prezidentining bir necha kun avval Tinch okeani floti o‘quv mashg‘ulotlaridagi chiqishidan so‘ng ro‘y berdi. O‘shanda Putin Yaponiyaning sobiq bosh vaziri Sindzo Abe va boshqa yapon rahbarlari bilan Kuril muammosi bo‘yicha konstruktiv munosabatlar bo‘lganini, ammo hozir Tokio o‘z pozitsiyasini o‘zgartirganini aytgandi.

Putin 1950-yillarning o‘rtalarida imzolangan deklaratsiyani eslatib, Yaponiya keyinchalik undan voz kechganini, biroq Rossiya tinchlik shartnomasi bo‘yicha muloqotni qayta tiklashga harakat qilganini ta’kidladi. “Endilikda biz, afsuski, pozitsiyalardagi o‘zgarishlarni ko‘ryapmiz, ta’kidlashim kerakki, bunga bizning tomonimizdan hech qanday sabab bo‘lmagan”, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, Kuril orollari Kunashir, Shikotan, Iturup va Habomai orollarini o‘z ichiga oladi. SSSR bu hududlarni Ikkinchi jahon urushi yakunlariga ko‘ra qo‘shib olgan. 1956-yilda Sovet Ittifoqi Yaponiya bilan tinchlik deklaratsiyasini imzolab, Shikotan va Habomai orollarini qaytarishga va’da bergan, ammo keyinchalik Yaponiya barcha orollarni talab qila boshlagan.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan so‘ng Rossiya hukumati Yaponiya bilan tinchlik shartnomasi bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatgan. Shundan keyin Yaponiya birinchi marta Kurilni “noqonuniy okkupatsiya qilingan” hudud deb atadi. Hozirgi kunga qadar Rossiya rahbarlari Kuril orollariga besh marta tashrif buyurgan, jumladan Dmitriy Medvedev 2010, 2012, 2015 va 2019-yillarda, Mixail Mishustin esa 2021-yilda borgan.

Source: www.gazeta.uz