Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Saudiya Arabistoni hududiga uyushtirilgan raketa va uchuvchisiz uchish apparatlari hujumlari munosabati bilan chuqur xavotir bildirdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.

“Tinch aholiga, fuqarolik va energetika infratuzilmasi obyektlariga qarshi kuch ishlatish bilan bog‘liq, shuningdek, mintaqa davlatlari xavfsizligi va xalqaro kema qatnoviga tahdid soluvchi har qanday harakatlarni keskin qoralaymiz”, — deyiladi vazirlik bayonotida. TIV xalqaro huquq normalariga, jumladan, davlatlarning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini hurmat qilish tamoyillariga qat’iy rioya etilishi zarurligini ta’kidladi.

Vazirlik, shuningdek, yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish faqat siyosiy-diplomatik vositalar orqali, muloqot va o‘zaro hurmat asosida amalga oshirilishi lozimligini qayd etdi. “BMT va mintaqa davlatlarining Yaqin Sharqda keskinlikni yumshatish, mojaroning yanada kengayishining oldini olish va barqaror tinchlik o‘rnatishga qaratilgan sa’y-harakatlari qo‘llab-quvvatlanadi”, — deyiladi xabarda.

Dunyoning eng yirik neft ishlab chiqaruvchilaridan biri bo‘lgan Saudiya Arabistoni juma kuni Iroq hududidan uyushtirilgan dron hujumidan so‘ng muhim neft quvuri bo‘lmish “Sharq-G‘arb” quvurini ehtiyot chorasi sifatida yopganini ma’lum qildi. 1980-yillarda — Eron-Iroq urushi Fors ko‘rfazi orqali neft eksportini bo‘g‘ib qo‘ygan bir davrda qurilgan 1201 kilometrli mazkur quvur Arabiston yarimorolini kesib o‘tib, Saudiyaning Qizil dengizdagi Yanbu portigacha boradi. Ushbu infratuzilma Saudiya Arabistoni uchun Hurmuz bo‘g‘ozini chetlab o‘tish imkoniyatini beruvchi asosiy yo‘l hisoblanadi.

Reuters agentligining kemalar harakatini kuzatuvchi kompaniyalar va tahlilchilarga tayanib xabar berishicha, mazkur Saudiya quvuri jahon neft ta’minotining 4 foizidan 5 foizigacha bo‘lgan qismini yetkazib berayotgandi. Hech bir guruh “Sharq-G‘arb” neft quvuriga qilingan dron hujumi uchun javobgarlikni rasman o‘z zimmasiga olmadi, biroq shanba kuni AQSh prezidenti Donald Tramp bu hujum ortida “katta ehtimol bilan” Eron turganini aytdi. Eron bu da’voga izoh bergani yo‘q.

Saudiya rasmiylarining ma’lum qilishicha, dron Tehron ta’siri ostidagi yaxshi qurollangan jangari guruhlar o‘chog‘iga aylangan va Iroq hukumati ularni nazoratga olishda qiynalayotgan Iroq hududidan uchib kelgan. Shanba kuni Iroq bosh vaziri Ali al-Zaydiyning ofisi Iroq chegarasi bo‘ylab dronlar uchirilishi holatlari yuzasidan Eron bilan qo‘shma tergov o‘tkazishga kelishib olganini bildirdi.

Source: www.gazeta.uz