Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Nepal Bosh vaziri Balendra Shoh payshanba kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 81-sessiyasida nutq so‘zlab, mamlakatda sodir bo‘lgan halokatli suv toshqinlarini "dunyoga ogohlantirish" deb atadi va dunyo bu ogohlantirishni "haqiqatan eshitganmi" degan savolni o‘rtaga tashladi.

Shoh o‘z nutqida shunday dedi: "Bugun bu yerda faqat taraqqiyot, demokratiya, tinchlik va yosh davlat umidlari haqida gapirish uchun turishni istardim. Ammo men ulkan hajmdagi o‘lim va vayronagarchilik haqida gapirishga majburman." U iqlim o‘zgarishi xavfi milliy chegaralardan tashqariga chiqishini ta’kidlab, Himolay tog‘larini himoya qilish uchun xalqaro hamkorlikni kuchaytirish zarurligini aytdi.

Nepal rahbari Himolay mintaqasi sayyora uchun ikkinchi darajali emas, balki uning hayotiy tizimining bir qismi ekanligini ta’kidladi va Nepal, Hindiston va Xitoy yetakchiligida "Himolay iqlim barqarorligi mexanizmi"ni tashkil etishni taklif qildi. Ushbu mexanizm mamlakatlarga sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari va tajriba almashish, xavfli muzlik ko‘llarini kuzatish, shuningdek, tabiiy ofatlar yuz berganda kuchliroq qo‘shma erta ogohlantirish tizimlari va koordinatsiyalangan transchegaraviy yordamni yo‘lga qo‘yishga yordam beradi.

"Himolaylar xalqaro hamkorlik laboratoriyasiga aylansin, parchalanib ketgan ma’lumotlar chegarasiga emas", — dedi Bosh vazir. Shuningdek, u Nepallning global issiqxona gazlari emissiyasidagi ulushi 0,1 foizdan kam ekanligini qayd etib, "Biz bu inqirozni yaratmadik, ammo buning uchun ulkan narx to‘layapmiz", — dedi. U hech bir davlat yoki qit’ani ayblamasligini, maqsad iqlim o‘zgarishini navbatdagi geosiyosiy jang maydoniga aylantirish emas, balki barchani umumiy mas’uliyat va birdamlikka chaqirish ekanini ta’kidladi.

Shoh mas’uliyat, tovon va barqarorlik tamoyillarini ilgari surib, kreditlar emas, grant asosidagi yordam ko‘rsatilishini so‘radi. "Iqlim inqirozi kambag‘al davlat infratuzilmasini vayron qilganda, javob yana bir mega kredit yoki mayda grantlar to‘plami bo‘lishi mumkin emas. Bizga dunyodan yetarli grant yordami kerak", — dedi u. 36 yoshli Shoh BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasida so‘zga chiqqan eng yosh hukumat rahbari bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, 26-avgust kuni Nepal va Xitoyning Tibet avtonom rayoni chegarasi yaqinida muzlik qulab, sel va toshqinlar sodir bo‘lib, quyi vodiylarni vayron qilgan edi. Tabiiy ofat oqibatida minglab odamlar bedarak yo‘qolgan, qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda. Ayni paytda 6000 dan ortiq kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.

Source: www.dw.com