Afinaning Plaka sayyohlik hududida joylashgan binoda yuz bergan kuchli portlash natijasida bino qulab tushdi. Hozirga qadar bir ayol va bir erkakning jasadi vayronalar ostidan topildi. Yunoniston o‘t o‘chirish xizmati vakilining ma’lum qilishicha, qutqaruv ishlari davom etmoqda, bir necha kishi, jumladan xorijlik sayyohlar bedarak yo‘qolgan.
Afina meri Haris Dukas voqea joyini “aql bovar qilmas falokat” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, zarar faqat bino bilan cheklanmagan: “Butun ko‘cha va bino orqasidagi ko‘chaga zarar yetgan”. Portlash oqibatida kamida uch kishi jarohatlangan, yaqin atrofdagi do‘konlar va avtomobillarga shikast yetgan.
Yunoniston rasmiy manbalariga ko‘ra, halok bo‘lgan ayol amerikalik sayyoh bo‘lib, u turmush o‘rtog‘i va yana bir juftlik bilan ijaraga olingan kvartirada bo‘lgan. Mahalliy ommaviy axborot vositalari bedarak yo‘qolganlar orasida britaniyalik va ikkinchi qavatda yashovchi yunon ayoli, shuningdek, birinchi qavatda turgan to‘rt nafar amerikalik sayyoh borligini xabar qildi. Rasmiylar bu shaxslarning millatini hali tasdiqlamagan.
Politsiya vakilining aytishicha, sayyohlar guruhi juma kuni tushdan keyin Afinadan uchishni rejalashtirgan edi. Qutqaruvchilar qidiruv ishlarida maxsus itlar va termal kameralardan foydalanmoqda. Yunoniston Axborot Agentligi (ANA) ma’lumotiga ko‘ra, o‘nlab o‘t o‘chiruvchilar va oltita maxsus texnika, jumladan ikkita qutqaruv mashinasi jalb qilingan. Vayronalarni tozalash uchun ekskavatorlar ham ishlatilmoqda.
Hozircha portlash sababi noma’lum. Rasmiylar gaz sizib chiqishi ehtimolini ko‘rib chiqmoqda, ammo voqealar ketma-ketligi oydinlashmagan. Plaka hududi Afinaning eng ko‘p tashrif buyuriladigan diqqatga sazovor joylari – Akropol va Zevs ibodatxonasi yaqinida joylashgan.
Source: www.dw.com