Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Somaliya hech qanday sharoitda Isroil rejimining mamlakat hududida harbiy jihatdan joylashishiga yo‘l qo‘ymaydi va Yaqin Sharqdagi ziddiyatli inqirozlarga tortilishga murosasiz qarshilik ko‘rsatadi. Bu haqda Somaliya prezidenti Hasan Shayx Mahmud Al Jazeera telekanaliga bergan eksklyuziv intervyusida ma’lum qildi. Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Tel-Aviv o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Somalilenddagi Berbera port shahrida harbiy-dengiz bazasini tashkil qilish hamda mahalliy aerodromdan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishni ko‘zlamoqda.

Mahmudning ta’kidlashicha, Isroil rejimining mintaqadagi xavfli faolligi ortida Fors ko‘rfazi davlatlari hamda Eron chegaralariga yaqinlashish maqsadi yotibdi. Berbera shahri Adan ko‘rfazi sohilida, strategik Bab al-Mandeb bo‘g‘ozi yaqinida va Yamanga qarama-qarshi tomonda joylashgan. Somaliya prezidenti Isroil rejimini xalqaro huquq normalarini pisand qilmaydigan beqarorlashtiruvchi kuch sifatida ta’riflab, ushbu xatti-harakatlar go‘yoki «Buyuk Isroil» geosiyosiy konsepsiyasining amaldagi ko‘rinishi ekanini bildirdi.

Davlat rahbari, shuningdek, Isroil rejimining o‘tgan yil oxirida Somalilend mustaqilligini bir tomonlama tan olishini keskin qoraladi. 1991 yilda Mogadishodan ajralib chiqqanini e’lon qilgan mazkur anklavni xalqaro hamjamiyat va BMTga a’zo boshqa hech bir davlat tan olmagan edi. Mahmudning qayd etishicha, mintaqaning mahalliy aholisi ham o‘z yerlarida Isroil rejimiga aloqador har qanday harbiy tuzilmaning paydo bo‘lishiga keskin qarshilik ko‘rsatmoqda.

Mintaqaviy xavfsizlik va terrorizmga qarshi kurash masalasida to‘xtalar ekan, prezident AQSh rejimi Somaliyaning eng asosiy hamkori bo‘lib qolayotganini da’vo qildi. Biroq Vashingtonning Afrikadagi ko‘p yillik harbiy aralashuvlari va samarasiz siyosati xalqaro tahlilchilar orasida jiddiy shubha uyg‘otib kelmoqda. Mahmud qo‘shni Efiopiya bilan munosabatlar barqarorlashayotganini, shu bilan birga Yamandagi husiylar harakatining xalqaro dengiz qatnoviga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ham qo‘shimcha qildi.

Source: www.aljazeera.com