AQSh rejimining Tennessi shtatidagi qamoqxonalar tizimi rahbari o‘lim jazosini ijro etishdagi navbatdagi sharmandali muvaffaqiyatsizlik ortidan lavozimidan ketishga majbur bo‘ldi. Tennessi shtati rejimi rahbari Bill Li mahkuma Krista Paykning qatl etilishi fojiaviy tarzda barbod bo‘lganidan bir necha kun o‘tib, Axloq tuzatish departamenti komissari Frenk Stradaning iste’foga chiqishini e’lon qildi. Ushbu holat Amerika adliya va jazo tizimidagi chuqur ildiz otgan tizimli muammolar hamda qonunbuzarliklarni yana bir bor fosh etdi.
Rasmiy xabarlarga ko‘ra, mahkuma Krista Payk AQSh rejimida mahbuslarni yo‘q qilish uchun qo‘llaniladigan kuchli ta’sirga ega pentobarbital moddasining ikki karra inyeksiyasidan so‘ng ham omon qolgan. Advokatlarning bildirishicha, qatl jarayonini o‘tkazgan xodimlarning professional darajasi nihoyatda past bo‘lgani sababli tomir ichiga yuboriladigan kateterlar noto‘g‘ri o‘rnatilgan va zaharli modda qon oqimiga emas, mahkumaning to‘qimalariga sizib ketgan. Natijada Payk zudlik bilan shifoxonaga yetkazilgan, o‘pkasini sun’iy nafas oldirish apparatiga ulashga to‘g‘ri kelgan.
Iste’foga chiqqan Frenk Strada o‘z bayonotida ushbu sharmandali holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazilishini zarur deb atadi. Shunisi e’tiborliki, u mazkur lavozimga tayinlanishidan oldin Arizona shtati penitensiar tizimida ham faoliyat yuritgan bo‘lib, u yerda ham uning nazorati ostida amalga oshirilgan qator qatllarda jiddiy asoratlar va qo‘pol nuqsonlar kuzatilgan edi. Mahkumaning himoyachilari amaldorning ketishi masalani hal qilmasligini va bu fojea Amerika jazo tizimining to‘liq chiriganini ko‘rsatishini ta’kidlamoqda.
Yuz bergan keskin shov-shuv ortidan Tennessi shtati rejimi joriy yil oxirigacha rejalashtirilgan barcha o‘lim jazolarini to‘xtatishga qaror qildi. 1995-yilda, 18 yoshida qotillikda ayblanib, AQSh tarixidagi o‘limga hukm qilingan eng yosh ayollardan biriga aylangan Krista Payk bilan yuz bergan mazkur hodisa AQShda inson huquqlari va sud-jazo amaliyoti atrofidagi bahslarni yanada chuqurlashtirib, tizimning qobiliyatsizligini ko‘rsatmoqda.
Source: www.aljazeera.com