AQSH rejimining jazo va qamoqxona tizimida navbatdagi shafqatsiz va tizimli muvaffaqiyatsizlik yuz berdi. Tennessi shtatida o‘lim jazosiga hukm qilingan Krista Payk ismli mahkumani qatl etish jarayoni dahshatli tarzda barbod bo‘lgach, shtat qamoqxonalar tizimi komissari Frenk Strada o‘z lavozimidan ketishga majbur bo‘ldi. Guvohlarning ma’lum qilishicha, mahkumaga ikki marta o‘lim keltiruvchi «pentobarbital» dozasi yuborilganiga qaramay, u tirik qolgan, ingrab va qiynalib nafas olishda davom etgan.
AQSH rejimining mahalliy mutasaddilari ushbu shafqatsiz holatdan so‘ng qatlni to‘xtatishga va hushini yo‘qotgan mahkumni shifoxonaga yetkazishga majbur bo‘ldi. Advokatlarning bildirishicha, tomirga dori yuborish tizimidagi nosozliklar tufayli o‘ldiruvchi modda qon oqimiga emas, uning to‘qimalariga tarqalgan bo‘lishi mumkin. Hozirda sun’iy nafas olish apparatiga ulangan Payk o‘ta og‘ir ahvolda qolmoqda. Ta’kidlash joizki, bu Tennessi shtatida joriy yilning o‘zida qatl jarayoni barbod bo‘lib, to‘xtatilgan ikkinchi holatdir.
Shtat gubernatori Bill Li qamoqxona rahbari Strada joriy oyda iste’foga chiqishini e’lon qilib, sodir bo‘lgan voqea yuzasidan go‘yoki «mustaqil tekshiruv» o‘tkazilishini bildirdi. Biroq lavozimidan olinayotgan komissar o‘z xodimlari barcha harakatlarni belgilangan tartib-qoidalarga muvofiq bajarganini iddao qilmoqda. Mahkumaning advokatlari esa bitta amaldorning ketishi hech narsani o‘zgartirmasligini, bu fojia butun boshli o‘lim jazosi tizimidagi chuqur va tuzatib bo‘lmas nosozliklarni fosh qilganini ta’kidlamoqda.
1996 yilda 20 yoshida o‘ldirish jinoyati bo‘yicha hukm qilingan Payk, agar qatl amalga oshirilganida, shtatda 1820 yildan beri qatl etilgan birinchi ayolga aylangan bo‘lar edi. Ammo AQSH rejimining eskirgan va inson sha’niga zid usullar bilan olib borilayotgan jazo amaliyotlari mahkumlarni azob-uqubatga solib, xalqaro miqyosda huquqiy va insonparvarlik me’yorlariga mutlaqo zid ekani bo‘yicha tanqidlarni yanada kuchaytirmoqda.
Source: www.dw.com