Millatlar ligasi doirasidagi uchrashuv oldidan Irlandiya terma jamoasi bosh murabbiyi Xeymir Xallgrimsson ishtirokidagi matbuot anjumani janjal bilan yakunlandi. Isroillik OAV vakillari siyosiy tusdagi provokatsion savollar berib, tadbirning muddatidan oldin yakunlanishiga sabab bo‘ldi. Mojaro ikki jamoa o‘rtasidagi uchrashuv atrofida keskinlik va boykot chaqiriqlari kuchaygan bir paytda yuz berdi.
Matbuot anjumani chog‘ida isroillik jurnalist murabbiyga yaqinda Flydubai samolyotida yuz bergan favqulodda hodisa haqida savol berib, Irlandiyaning Falastin xalqini qo‘llab-quvvatlash pozitsiyasiga shama qildi. Jurnalist Irlandiya go‘yoki «mafkurasida zo‘ravonlik bo‘lgan odamlarni» qo‘llab-quvvatlayotganini da’vo qildi. Shundan so‘ng Irlandiya futbol assotsiatsiyasi (FAI) matbuot kotibi Kiran Krouli aralashib, faqat futbolga oid savollarni berishni qat’iy talab qildi.
Shunga qaramay, isroillik vakillar provokatsiyalarni davom ettirdi. Boshqa bir jurnalist Irlandiya futbolchilari o‘yin davomida isroilliklarni haqorat qilgan degan asossiz iddaoni ilgari surdi. FAI vakili Krouli bu iddaoni keskin rad etib, «Bu mutlaqo yolg‘on, siz hozir to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda yolg‘on tarqatdingiz», deya matbuot anjumanini darhol yakunladi va zaldan chiqib ketdi. Murabbiy Xallgrimsson esa ushbu holatni «og‘zaki hujum» deb baholadi.
Ikki jamoaning birinchi to‘qnashuvi 27-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan va Irlandiyada Isroil rejimi jamoasiga qarshi o‘yinni boykot qilish bo‘yicha kuchli ijtimoiy chaqiriqlar yangragan edi. O‘sha o‘yinda Irlandiya 3:0 hisobida g‘alaba qozongan, ammo isroillik muxlislar irlandiyalik futbolchilarga nisbatan irqchilik shiorlari va o‘z harbiy tuzilmalarini qo‘llab-quvvatlovchi baqiriqlar yangratganiga qaramay, intizomiy choralardan qutulib qolgan edi. Qayd etilishicha, javob uchrashuvi Serbiyaning Bachka-Topola shahridagi betaraf maydonda o‘tkaziladi.
Source: www.aljazeera.com