Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Efiopiya federal hukumat kuchlari mamlakat shimolidagi Tigray viloyati ma’muriy markazi bo‘lgan Mekelle shahrida joylashgan Alula Aba Nega aeroporti ustidan nazoratni qayta tikladi. Mazkur strategik obyekt o‘tgan haftada isyonchilar tomonidan egallab olingan edi. Bu voqea 2022-yilda yakunlangan qonli fuqarolar urushidan so‘ng mintaqada ro‘y bergan eng jiddiy qurolli to‘qnashuv sifatida baholanmoqda.

Ommaviy axborot vositalarining anonim harbiy manbalarga tayanib xabar berishicha, Efiopiya milliy mudofaa kuchlari aeroportni to‘liq o‘z qo‘liga olgan. Xalqaro gumanitar tashkilotlar vakillari ham hukumat askarlari shaharga kirib kelishi bilan isyonchi guruhlar Mekelleni tark eta boshlaganini tasdiqlamoqda. Hozircha har ikki tomon rasmiy bayonot bermagan bo‘lsa-da, hududdagi aloqa va internet uzilishlari axborot oqimini jiddiy qiyinlashtirmoqda.

Tigray xalq ozodlik fronti (TPLF) va unga ittifoqdosh muxolif guruhlar sentabr oyi oxirida Afar va Amxara viloyatlaridagi hukumat pozitsiyalariga hujum qilib, aeroportni o‘z nazoratiga olgan edi. Biroq federal kuchlarning qarshi hujumi natijasida ular chekinishga majbur bo‘ldi. TPLF rahbari Debretsion Gebremikael rasmiy Addis-Abebaga qarshi partizanlik urushini davom ettirishga va’da berib, vaziyatni Qizil dengiz ustidan nazorat o‘rnatishga qaratilgan mintaqaviy urush deb atadi.

Shimoliy Efiopiyadagi keskinlik allaqachon Afrika shoxi mintaqasida yangi geosiyosiy inqirozni keltirib chiqarmoqda. Rasmiy Addis-Abeba qo‘shni Eritreya, Sudan va Misrni isyonchilarga yashirin harbiy yordam ko‘rsatishda ayblab keladi. O‘tgan haftada Efiopiya va Eritreya o‘rtasidagi diplomatik aloqalar butunlay uzilib, elchixonalar yopildi hamda diplomatlar chiqarib yuborildi. Afrika Ittifoqi mintaqada yangi keng ko‘lamli mojaro alangalanishining oldini olish maqsadida tomonlarni maksimal darajada bosiqlikka chaqirmoqda.

Source: www.dw.com