Perudagi qadimiy inklar qal’asi Machu-Pikchuga olib boruvchi asosiy yo‘nalish yaqinida yuz bergan halokatli o‘rmon yong‘ini oqibatida kamida bir kishi halok bo‘ldi, yana ikki kishi turli darajadagi kuyish jarohatlarini oldi. Tabiiy ofat sayyohlar gavjum bo‘lgan Kusko mintaqasidagi Muqaddas vodiy hududida avj olgan.
Kusko viloyati Tabiiy ofatlarni boshqarish va xavfsizlik boshqarmasi rahbari Migel Oskoning mahalliy OAVga ma’lum qilishicha, halok bo‘lgan shaxs keksa yoshdagi fuqaro bo‘lib, olov qopqonida qolib ketgan. Jarohatlangan ikki nafar fuqaroga esa ikkinchi darajali kuyish tashxisi qo‘yilgan va ularga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Yong‘in aynan Machu-Pikchuga boruvchi poyezdlar qatnaydigan eng gavjum Olyantaytambo temiryo‘l vokzali yaqinida sodir bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘inga mahalliy fermerlarning yangi ekin maydonlarini tozalash maqsadida quruq buta va o‘tlarni nazoratsiz yoqishi sabab bo‘lgan. Mintaqadagi quruq o‘simlik qoplami, yuqori harorat va kuchli shamol alanganing keng maydonlarga tezda tarqalishiga turtki bergan. Hozirda qutqaruv xizmatlari alanga qadimiy yodgorliklar va turistik infratuzilmaga jiddiy ziyon yetkazmasligi uchun o‘chirish ishlarini davom ettirmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, XV asrda inklar imperiyasi tomonidan barpo etilgan Machu-Pikchu majmuasi And tog‘larida, dengiz sathidan 2500 metr balandlikda joylashgan bo‘lib, dunyo me’morchiligining nodir durdonalaridan biri sanaladi. 1983-yilda YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan ushbu maskan Peruning eng mashhur sayyohlik maskani hisoblanadi va unga har yili qariyb uch million sayyoh tashrif buyuradi.
Source: www.dw.com