Dubaydan Isroil rejimi nazoratidagi Tel-Aviv shahriga parvoz qilayotgan Flydubai aviakompaniyasi samolyotida favqulodda hodisa yuz berdi. Parvoz vaqtida ikkinchi uchuvchi favqulodda holatlar uchun mo‘ljallangan bolta bilan asosiy kapitanga hujum qilib, havo kemasi boshqaruvini egallashga uringan. Samolyot havoda 5 200 metrga keskin pastlagan paytda yo‘lovchilar va jarohatlangan kapitan tajovuzkorni zararsizlantirishga muvaffaq bo‘ldi, shundan so‘ng bort Saudiya Arabistoniga favqulodda qo‘ndi.
OAV xabarlariga ko‘ra, mazkur qo‘poruvchilik harakatida gumonlanayotgan shaxs Ummon fuqarosi Hamom al-Hammomiydir. Ayni paytda Avstraliya Federal politsiyasi (AFP) va maxsus xizmatlari mazkur shaxsning Avstraliya bilan aloqalarini sinchiklab tekshirmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, gumonlanuvchi 2015–2017 yillarda Avstraliyada talabalik vizasi bilan yashagan va u yerda radikallashgan bo‘lishi mumkinligi bo‘yicha tergov olib borilmoqda. Uning talabalik vizasi 2019 yilda bekor qilingan edi.
Parvoz paytida 170 dan ortiq yo‘lovchi bo‘lgan samolyot sardori, Hindiston fuqarosi Smit Machxar og‘ir jarohat olganiga qaramay, salon eshigini ichkaridan ochishga erishgan. Natijada yo‘lovchilar va boshqa ekipaj a’zolari kabinaga bostirib kirib, tajovuzkorni bosib qolgan. Havo kemasini bortdagi ikki nafar zaxira uchuvchisi Saudiya Arabistoni aeroportiga xavfsiz qo‘ndirishga muvaffaq bo‘lgan. Kapitan dastlab yaqin atrofdagi shifoxonaga, so‘ngra Abu-Dabiga yetkazilgan va hozirda uning ahvoli barqaror deb baholanmoqda.
BAA Bosh prokuraturasi mazkur holatni terrorchilik harakatiga urinish sifatida baholamoqda va uning barcha sabablari o‘rganilmoqda. Isroil rejimi rahbari Benyamin Netanyaxu hujumchi Saudiya rasmiylari tomonidan qo‘lga olingani va tergov qilinayotganini bildirdi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, al-Hammomiy avvalroq Oman Air aviakompaniyasida ham ishlagan, ammo radikal qarashlari sababli parvozlardan chetlatilgan bo‘lgan.
Source: www.bbc.co.uk