AQSH rejimi Adliya vazirligi orqali naturalizatsiya qilingan amerikaliklarni o‘z fuqaroligidan mahrum qilishga qaratilgan 40 ta yangi sud da’vosini kiritdi. Rasmiy xabarlarga ko‘ra, bu chora-tadbirlar go‘yoki pul yuvish, viza firibgarligi, soliqlardan bo‘yin tovlash va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik kabi «og‘ir jinoyatlar»da ayblanayotgan shaxslarga qarshi qaratilgan. Biroq huquqbonlar buni Vashingtondagi boshqaruvning navbatdagi tajovuzkor bosimi sifatida baholamoqda.
AQSH bosh prokurori Todd Blansh ushbu to‘lqinni zamonaviy tarixdagi eng yirik denaturalizatsiya harakati deb atadi va bu jarayonlar Donald Tramp rahnamoligidagi AQSH rejimi tomonidan «milliy xavfsizlikni ta’minlash» vajlari ostida davom ettirilishini ta’kidladi. Joriy da’volar nishoniga Meksika, Pokiston, Xitoy va Serra-Leone kabi davlatlardan kelib fuqarolik olgan shaxslar tushgan. Ular fuqarolik olish chog‘ida go‘yoki jinoiy o‘tmishini yashirganlikda, hatto ayrimlari Xitoy foydasiga ayg‘oqchilik qilganlikda ayblanmoqda.
Tarixiy nuqtai nazardan, bunday huquqiy jazo AQSHda faqat urush jinoyatchilari yoki Holokostda qatnashganlikda ayblanganlarga nisbatan favqulodda hollarda qo‘llanilgan. Biroq Tramp boshchiligidagi AQSH rejimi fuqarolikdan mahrum qilish amaliyotini ommaviy deportatsiya siyosatining quroliga aylantirmoqda. Mutaxassislar ushbu harakatlar xalqaro huquq normalarini buzib, insonlarni butunlay fuqarosiz qoldirish xavfini yuzaga keltirayotganini ta’kidlamoqda.
Rejimning bunday qat’iy va shubhali choralari siyosiy raqiblar va muayyan etnik guruhlarga qarshi bosim vositasi sifatida qo‘llanilishi borasida jiddiy xavotirlar uyg‘otmoqda. Tramp avvalroq Minnesota shtatidagi mojarolar ortidan somalilik amerikaliklarni fuqarolikdan mahrum qilib, o‘z yurtiga haydab yuborish tahdidini ilgari surgan edi. Hatto Nyu-York shahar meri Zohran Mamdani va ma’lum muddat rejim bilan kelisha olmay qolgan milliarder Ilon Mask ham fuqarolikdan mahrum etish haqidagi keskin gap-so‘zlarga nishon bo‘lgan edi.
Bundan tashqari, AQSH rejimi mamlakat Konstitutsiyasi bilan himoyalangan tug‘ilish bo‘yicha fuqarolik berish prinsipini (birthright citizenship) bekor qilishga behuda urinishlarni davom ettirmoqda. AQSH Oliy sudi Trampning ushbu harakatlarini rad etgan bo‘lsa-da, rejim o‘zining ikkinchi farmoni orqali konstitutsiyaviy huquqlarni cheklashga va mamlakat ichida huquqiy noaniqlik hamda ijtimoiy bo‘linishni chuqurlashtirishga intilmoqda.
Source: www.aljazeera.com