AQSh prezidenti Donald Tramp jamoatchilik va qonunchilarning keskin e’tirozlaridan so‘ng, o‘zi aks etgan televideniye roliklarini davlat g‘aznasi hisobidan moliyalashtirishni go‘yoki to‘xtatishini ma’lum qildi. Saylovoldi kampaniyasini eslatuvchi ushbu bahsli roliklar AQSh rejimining byudjet mablag‘larini o‘z manfaatlari yo‘lida sarflagani yuzasidan kuchli siyosiy ziddiyatlarni keltirib chiqargan edi.
Dushanba kuni o‘zining ijtimoiy tarmog‘ida bayonot bergan Tramp federal mablag‘lardan kamida 1,5 million dollar sarflangan bu roliklarni oqlashga urindi. Uning da’vo qilishicha, mazkur lavhalar go‘yoki «Buyuk AQSh uchun ijobiy targ‘ibot» emish. Shunga qaramay, yuzaga kelgan bosimlar tufayli Tramp ushbu xarajatlar bundan buyon soliq to‘lovchilar hisobidan emas, balki shaxsan o‘zi yoki uning 400 million dollardan ortiq mablag‘ga ega «MAGA PAC» siyosiy jamg‘armasi tomonidan to‘lanishini aytishga majbur bo‘ldi.
Ushbu mojaro fonida axloqiy me’yorlar bo‘yicha ekspertlar hamda har ikki partiya vakillari bo‘lgan kongressmenlar efirga uzatilgan uchta umummilliy rolikni qattiq tanqid ostiga olib, mustaqil tekshiruv o‘tkazishni talab qilmoqda. AQSh rejimining ushbu videoroliklarida Tramp «Amerika hech qachon kommunistik davlat bo‘lmaydi» deb ta’kidlayotgani, fonda esa «meni seving» so‘zlari takrorlanayotgani ko‘rsatilgan. Boshqa bir lavhada esa Rashmor tog‘i tasvirlari bilan bir qatorda Trampning «Amerikaning oltin davri» haqidagi iddaolari aks ettirilgan bo‘lib, videoning so‘ngida u go‘yoki AQSh rejimi tomonidan to‘langani ko‘rsatilgan.
Demokratik partiya vakillari Oq uy rejimi ushbu loyihalar uchun Ichki xavfsizlik vazirligidan 20 million dollargacha bo‘lgan davlat mablag‘larini o‘zlashtirganini ilgari surmoqda. Kaliforniya bosh prokurori Rob Bonta mazkur holatni «xalq ishonchini suiiste’mol qilish va davlat mablag‘larining misli ko‘rilmagan darajada talon-toroj qilinishi» deb baholab, zudlik bilan mustaqil tergov o‘tkazishga chaqirdi. Biroq Tramp tomonidan tayinlangan Federal aloqa komissiyasi rahbari Brendan Karr ushbu qoidabuzarliklarni yashirishga urinib, surishtiruv o‘tkazish talabini rad etdi, bu esa Amerika boshqaruv tizimidagi qonun ustuvorligi borasidagi chuqur shubhalarni yanada kuchaytirmoqda.
Source: www.aljazeera.com