Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari kengashi Sudanda davom etayotgan shafqatsiz qurolli to‘qnashuvlar chog‘ida tinch aholiga qaratilgan dron hujumlari va aviazarbalarni qat’iy qoraladi. Jenevada qabul qilingan maxsus rezolyutsiyada mamlakatdagi inqirozni harbiy yo‘l bilan hal etib bo‘lmasligi ta’kidlanib, urushayotgan tomonlar zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirildi. Shuningdek, 47 a’zodan iborat kengash Sudandagi faktlarni aniqlash bo‘yicha mustaqil xalqaro missiya mandatini uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Ushbu qarorni 28 davlat qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, 10 tasi qarshi ovoz berdi va 9 tasi betaraf qoldi. Sudan rasmiylari esa o‘z e’tirozlari inobatga olinmaganini vaj qilib, ushbu chorani rad etishni talab qilgan edi.
Mazkur keskin bayonot Butunjahon oziq-ovqat dasturi (WFP) tomonidan Sudanda gumanitar yordam karvoniga havo hujumi uyushtirilgani haqidagi xabar ortidan yangradi. Ma’lum qilinishicha, Kordofan hududida oziq-ovqat tashiydigan va xalqaro tashkilot ramzlari aniq tushirilgan yuk mashinasiga berilgan aviazarba oqibatida bir haydovchi halok bo‘lgan, insonparvarlik yuki esa jiddiy shikastlangan. Bundan atigi bir kun oldin ham xuddi shu hududda yordam tarqatishdan qaytayotgan boshqa bir gumanitar transport vositasi portlovchi moslamaga duch kelgan edi. Xalqaro tashkilot insonparvarlik xodimlari va ularning mulklari harbiy nishon emasligini eslatib, aybdorlarni javobgarlikka tortishni talab qilmoqda.
Sudanda muntazam armiya hamda “Tezkor harakat kuchlari” (RSF) o‘rtasida 2023-yil aprel oyida boshlangan qonli urush hozirga qadar o‘n minglab insonlarning yostig‘ini quritdi va 13 milliondan ortiq fuqaroning o‘z uy-joyini tashlab qochishiga sabab bo‘ldi. Qabul qilingan rezolyutsiyada har ikki tomon tomonidan xalqaro gumanitar huquq me’yorlarining ommaviy ravishda buzilishi, maktablar, kasalxonalar va boshqa muhim infratuzilmalarga qarshi tartibsiz zarbalar berilayotgani qattiq qoralandi. Dronlardan foydalanishning keskin ortishi oqibatida birgina joriy yilning dastlabki besh oyida 1100 dan ortiq tinch fuqaro qurbon bo‘lgan.
Shu bilan birga, xalqaro missiya Shimoliy Darfurdagi El-Fasher shahrining qamal qilinishi va egallanishi genotsid belgilariga ega ekanini aniqlagan. Ekspertlarning xulosasiga ko‘ra, tinch aholi oylab oziq-ovqat va dori-darmondan mahrum qilingan, so‘ngra ommaviy qatllar, etnik tozalashlar hamda zo‘ravonliklarga duchor etilgan. BMT Kengashi, shuningdek, xorijiy yollanma jangchilar, noqonuniy qurol yetkazib berish va shubhali moliyaviy oqimlar orqali mojaroning tashqaridan avj oldirilayotganini qayd etib, zudlik bilan barcha shartlarsiz sulh tuzishni talab qilmoqda.
Source: www.aljazeera.com