Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Xitoyda qazish diametri boʻyicha dunyodagi eng yirik ikki qalqonli tunnel qazish mashinasi muvaffaqiyatli ishlab chiqarildi. "Yuexi" deb nomlangan ulkan, ogʻirligi 3 500 tonnani tashkil etuvchi ushbu murakkab texnika Sichuan provinsiyasida uzunligi 18,4 kilometr boʻlgan yirik avtomobil tunnelini qurish jarayonlarida qoʻllanilishi rejalashtirilmoqda.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, mazkur ulkan mashina joriy yilning sentabr oyi oxirida Sichuan provinsiyasining maʼmuriy markazi boʻlgan Chendu shahridagi zavodning ishlab chiqarish liniyasidan chiqarilgan. Uning umumiy uzunligi 220 metrni tashkil etib, qazish diametri esa 13,01 metnga yetadi. Ushbu rekord koʻrsatkich barcha turdagi tunnel qazish texnikalariga emas, balki aynan ikki qalqonli murakkab komplekslar toifasiga tegishli ekanligi alohida taʼkidlanmoqda.

Ushbu yirik loyiha Shudao Investment Group infratuzilma kompaniyasi va yetakchi tunnel qazish texnikalari ishlab chiqaruvchisi hisoblangan China Railway Engineering Equipment Group korxonasi tomonidan hamkorlikda amalga oshirilgan. Mashina oʻzining aylanuvchi kesish disklari yordamida togʻ jinslarini osonlikcha maydalab, tunnel ochish imkoniyatiga ega. Ikki qalqonli konstruksiya esa turli murakkab geologik sharoitlarda, jumladan, oʻta mustahkam va darz ketgan qattiq jinslarda ham samarali ishlashga moslashtirilgan.

"Yuexi" kompleksining old qismida diametri qariyb 48 santimetr boʻlgan 83 ta diskli keskich oʻrnatilgan boʻlib, ular togʻ jinslarini parchalash vazifasini bajaradi. Shu bilan birga, zamonaviy gidravlik tizim mashinani oldinga surish ishlarini taʼminlaydi. Kompleks bir vaqtning oʻzida bir nechta muhim vazifalarni, jumladan, jinslarni qazish, tunnel devorlariga yigʻma temir-beton qismlarini oʻrnatish va chiqindi materiallarni tashqariga chiqarish kabi yumushlarni bajarishga qodir.

Texnika ilgʻor burgʻilash va geologik razvedka tizimlari bilan ham jihozlangan boʻlib, bu oldindagi togʻ jinslarining holatini ular yetib bormasdan turib oldindan baholash imkonini beradi. Avtomatik lazerli yoʻnaltirish tizimi esa qazish yoʻnalishining yuqori aniqlikda saqlanishini taʼminlaydi. Mutaxassislarning taxminlariga koʻra, ushbu usul anʼanaviy portlatish usullariga nisbatan bir necha barobar samaraliroq boʻlib, oyiga 380 metrdan ortiq masofani bosib oʻtish imkonini beradi.

Source: kun.uz