Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Xitoyning texnologik bozoridagi yetakchi oʻyinchilardan biri boʻlgan Mobvoi kompaniyasi suhbatlarni yozib olib, ularni avtomatik tarzda matnga aylantirish funksiyasiga ega TicNote Watch deb nomlangan yangi aqlli soatlarni ishlab chiqdi. Ushbu qurilma zamonaviy texnologiyalar olamida yana bir qadam boʻlishi kutilayotgan boʻlsa-da, uning kundalik hayotdagi amaliy foydasi va xavfsizlik masalalari mutaxassislar oʻrtasida turli savollarni tugʻdirmoqda.

Ishlab chiqaruvchilarning taʼkidlashicha, ovoz yozish jarayonini boshlash uchun soat korpusidagi maxsus tugmani ikki soniya davomida bosib turishning oʻzi kifoya qiladi. Shuningdek, qisqa fikrlarni tezkor qayd etish uchun moʻljallangan alohida rejim ham mavjud boʻlib, bu foydalanuvchilarga qulaylik yaratishi aytilmoqda. Qurilma shovqinni pasaytirish tizimi bilan jihozlangan ikkita mikrofonni oʻz ichiga olgan boʻlib, ular 3–5 metr masofadan turib ham nutqni qabul qila olishi daʼvo qilinmoqda.

TicNote Watch soatining asosiy oʻziga xos xususiyatlaridan biri — suhbatlarni toʻgʻridan-toʻgʻri ekraning oʻzida matn koʻrinishida namoyish etishidir. Xitoylik ishlab chiqaruvchilarning soʻzlariga koʻra, tizim bir vaqtning oʻzida 17 ta tildagi soʻzlashuvlarni real vaqt rejimida matnga oʻgʻira oladi. Biroq, bunday sunʼiy intellekt funksiyalarining aniqligi va shovqinli muhitda qanday ishlashi haqiqatda qanchalik toʻgʻri ekani hozircha faqat kompaniyaning maʼlumotlariga tayanadi.

Texnik imkoniyatlarga koʻra, soat uzluksiz 24 soatdan ortiq ovoz yozish quvvatiga ega boʻlib, uning ichki xotirasida 200 soatdan ortiq audioyozuvlarni saqlash mumkin. Yozib olingan barcha maʼlumotlar maxsus TicNote ilovasi va bulutli xizmatlar bilan sinxronlanadi. Shu bilan birga, qurilma anʼanaviy salomatlik koʻrsatkichlarini, jumladan, yurak urish tezligi, qonning kislorod bilan toʻyinishi, stress darajasi va uyqu holatini ham kuzatib boradi.

Source: kun.uz