Hindiston poytaxti Dehli shahrida saylov ro‘yxatlarining shubhali qayta ko‘rib chiqilishiga qarshi norozilik namoyishlari ikkinchi kunga ulanmoqda. Mamlakatda “tarakanlar” deb nomlanuvchi yoshlar harakati yetakchilari hamda muxolifat siyosatchilari boshliq minglab namoyishchilar qattiq bosim ostida hibsga olingan edi. Oliy sud ushbu hibsga olishlarni noqonuniy deb topgach, yakshanba kuni ko‘pchilik namoyishchilar qo‘yib yuborildi, biroq keskinlik saqlanib qolmoqda.
Ozodlikka chiqqanidan so‘ng Cockroach Janta Party (CJP) yetakchisi Abhijeet Dipke Bosh vazir Narendra Modini keskin tanqid qilib, uni qo‘rqoq va qo‘pol siyosatchi deb atadi. Namoyishchilar Bosh saylov komissari Gyanesh Kumar iste'foga chiqishini talab qilmoqdalar. Ularning fikricha, saylov ro‘yxatlaridan millionlab saylovchilarning, jumladan musulmonlarning o‘chirib tashlanishi amaldagi Bharatiya Janata Party (BJP) partiyasining manfaatlariga xizmat qiladi va jarayon shaffof emasligidan dalolat beradi.
Hindiston rasmiy doiralari poytaxtda ommaviy tartibsizliklarning oldini olish bahonasida o‘n minglab politsiya va harbiylarni safarbar qilib, favqulodda choralar ko‘rdi. Temir yo‘l va metrolar harakati to‘xtatilib, asosiy ko‘chalar to‘sib qo‘yildi, shuningdek, mobil internet xizmatlari cheklandi. Shunga qaramay, CJP yetakchilari, taniqli blogerlar va bir qator sobiq bosh vazirlar ham hibsga olingan bo‘lib, bu holat xalqaro tashkilotlar hamda inson huquqi himoyachilarining jiddiy xavotirlariga sabab bo‘lmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi va Amnesty International kabi tashkilotlar Hindiston rasmiylarining tinch namoyishlarni bostirishga qaratilgan harakatlarini keskin qoraladi. Biroq Hindistonning BMTdagi vakolatxonasi bu xavotirlarni asossiz deb atab, ularni mamlakat ichki ishlariga aralashish sifatida baholadi. Tahlilchilarning fikricha, hukumatning muxolifatga nisbatan haddan tashqari qattiqqo‘l siyosati jamiyatdagi noroziliklarni yanada kuchaytirib, mamlakatda chuqur siyosiy inqiroz yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Source: www.aljazeera.com