Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Nepalning Budxi-Gandaki daryosida yuzaga kelgan tabiiy toʻgʻonning buzilishi mamlakatda navbatdagi favqulodda vaziyatni keltirib chiqardi. Oʻzanidan chiqib ketgan daryo suvlari hududdagi infratuzilmaga jiddiy zarar yetkazib, bir nechta koʻpriklar va oʻnlab turar-joylarni oqizib ketdi, shuningdek, GES quruvchilarining vaqtinchalik lagerini butunlay vayron qildi.

Rasmiy manbalarning xabar berishicha, xavfli hududdan qariyb 50ga yaqin mahalliy aholi oʻz vaqtida qutqarib qolingan, biroq hozirgi vaqtda besh nafar fuqaroning taqdiri nomaʼlumligicha qolmoqda va ularni qidirish ishlari davom etmoqda. Mutaxassislar ushbu tabiiy toʻgʻon biroz avval daryo oqib oʻtuvchi darada sodir boʻlgan ulkan tosh koʻchkisi natijasida hosil boʻlganini taʼkidlamoqda.

Toʻgʻon ortida toʻplanib qolgan suv hajmining ortishi oqibatida yuzaga kelgan kuchli gidravlik bosim tabiiy toʻgʻonning yemirilishiga olib kelgan va shiddatli oqim quyi hududlarga qarab yopirilgan. Atigi ikki soat ichida daryodagi suv sathi keskin ravishda 2 metrdan 8,5 metrgacha koʻtarilgani qayd etilgan, bu esa hududda misli koʻrilmagan xavfni tugʻdirgan.

Shuni taʼkidlash joizki, rasmiy idoralar shiddatli oqim yetib kelishidan taxminan 20-30 daqiqa oldin mahalliy aholini ogohlantirishga muvaffaq boʻlgan, bu esa yanada fojiali oqibatlar va katta miyqyosdagi qurbonlarning oldini olgan; koʻplab fuqarolar xavfsiz tepaliklarga chiqib qolishga ulgurgan. Biroq ofat oqibatida GES quruvchilari foydalanadigan Beyli koʻprigi, bir nechta osma koʻpriklar, elektr uzatish liniyalari hamda qirgʻoqboʻyi uylari butunlay vayron boʻlgan.

Mazkur hodisa mamlakatda tabiiy ofatlar oqibatlari ogʻir kechayotgan bir paytda yuz berdi. Eslatib oʻtamiz, biroz oldin Nepalda avgust oyi oxirida sodir boʻlgan yirik suv toshqini qurbonlarini qidirish operatsiyasi yakunlangan boʻlib, oshkor qilingan maʼlumotlarga koʻra, oʻshanda 1455 kishi halok boʻlgan va 5285 nafardan ortiq fuqaro bedarak yoʻqolgan deb hisoblanmoqda.

Source: kun.uz