Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Isroil rejimining to‘rtta muxolif siyosiy harakati mamlakat tarixida eng uzoq vaqt bosh vazir lavozimida o‘tirgan Benyamin Netanyaxuni hokimiyatdan chetlatish maqsadida o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Kelishuvga ko‘ra, «Yashar», «Demokratlar», «Isroil bizning uyimiz» partiyalari hamda «Birgalikda» alyansi bo‘lajak saylovoldi kampaniyasida bir-biriga hujum qilmaslikka va saylovdan so‘ng yangi vazirlar mahkamasini shakllantirishda birlashishga va’da berishgan.

So‘nggi ijtimoiy so‘rovlar muxolif koalitsiya va Netanyaxu tarafdorlari bo‘lgan blok o‘rtasida murosasiz kurash ketayotganini ko‘rsatmoqda. Knessatdagi 120 ta o‘rindan muxolifat taxminan 54 tasini qo‘lga kiritishi kutilmoqda, bu esa mustaqil ko‘pchilikni shakllantirish uchun yetarli emas. Netanyaxuning o‘ta o‘ngchi va diniy partiyalarni o‘z ichiga olgan bloki esa 49 o‘ringa da’vogarlik qilmoqda. Siyosiy tarqoqlik va ichki inqirozlar fonida o‘tadigan mazkur saylov Isroil rejimining eng ziddiyatli davriga to‘g‘ri kelmoqda.

Shunga qaramay, siyosiy tahlilchilar muxolifat g‘alaba qozongan taqdirda ham Falastin masalasida yoki G‘azo sektoridagi qonli to‘qnashuvlar bo‘yicha keskin burilish bo‘lishini kutmayapti. Muxolif yetakchilar — jumladan, bosh vazirlikka asosiy nomzod sifatida ko‘rilayotgan sobiq armiya qo‘mondoni Gadi Eyzankot, sobiq bosh vazir Naftali Bennet va Avigdor Liberman — mustaqil Falastin davlati g‘oyasiga qat’iy qarshi chiqib, noqonuniy yahudiy aholi punktlarini kengaytirishni yoqlab kelmoqda.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, yangi tuzilishi mumkin bo‘lgan ma’muriyat faqatgina AQSh rejimi va xalqaro hamjamiyat bosimlariga ko‘proq quloq solishi yoki G‘azoga gumanitar yordam o‘tishini biroz yengillatishi mumkin. Ammo Isroil rejimining o‘n yilliklar davomida olib borayotgan bosqinchilik doktrinasi va falastinliklarga nisbatan o‘rnatilgan qattiq nazorati mohiyatan o‘zgarmay qolishi bashorat qilinmoqda.

Source: www.aljazeera.com