Hindiston poytaxtida bosh saylov komissari Gyanesh Kumar iste'bofosini talab qilib, norozilik namoyishlarini davom ettirayotgan muxolifat partiyalari Oliy sud tomon navbatdagi yurishni rejalashtirmoqda. Ushbu qaror mamlakatda siyosiy tanglik yanada chuqurlashib borayotganidan dalolat beradi.
Muxolifatdagi «INDIA» bloki yetakchisi Rahul Gandining chaqirigʻiga binoan namoyishchilar Oliy sudga yoʻl olishi kutilmoqda. Gandi oʻz tarafdorlarini «demokratiya va adolat uchun yurish» deb atalgan aksiyada faol qatnashishga undagan. Biroq, mahalliy huquq-tartibot idoralari va rasmiylar bunga qarshi jiddiy choralar koʻrayotgani aytilmoqda.
Ma'lum qilinishicha, muxolifat yetakchilari ovozlarni oʻgʻirlash holatlari yuzasidan bosh sudya Surya Kant bilan uchrashishni talab qilgan, biroq bosh sudya bu masalaning sud muhokamasida ekanligini vaj qilib, uchrashuvdan bosh tortgan. Vaholanki, poytaxt Dehli politsiyasi tartibsizliklarni oldini olish bahonasida Jantar Mantar maydonini rasmiy norozilik joylari roʻyxatidan chiqarib tashlagan.
Shanba kuni Dehli shahrida oʻtkazilgan reydlar vaqtida oʻnlab namoyishchilar, jurnalistlar hamda huquqshunoslar qoʻlga olingani xabar qilingandi. Xavfsizlik kuchlari oʻn minglab xodimlarni jalb etib, aloqa vositalari va internetni cheklash orqali namoyishlarni bostirishga urinmoqda. Bu esa mamlakatdagi demokratik erkinliklar ahvoliga jiddiy soya solmoqda.
Source: www.dw.com