Melburndagi islomiy jamoat markazi rahbari Birlashgan Arab Amirliklari prokuraturasi tomonidan yaqinda Flydubai yo‘lovchi avialayneri komandiriga qilingan qurolli hujumga aloqadorlikda ko‘rsatilganidan so‘ng o‘ziga nisbatan bildirilgan da’volarni keskin rad etdi. BAA rasmiylarining ta’kidlashicha, 30-sentabr kuni Dubaydan Isroil rejimi nazoratidagi Tel-Aviv shahriga uchayotgan samolyot bortida favqulodda vaziyatlar uchun mo‘ljallangan bolta bilan birinchi uchuvchiga hamla qilgan ummonlik ikkinchi uchuvchi aynan Avstraliyada tahsil olayotgan kezlarida radikallashgan.
BAA tergov ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘lga olingan 30 yoshli ikkinchi uchuvchi Hamam al-Hammomiy 2001-yil 11-sentabr teraktlaridan ilhomlangan va samolyotni halokatga uchratib, imkon qadar ko‘proq insonlar umriga zomin bo‘lishni ko‘zlagan. Amirliklar prokuraturasi gumonlanuvchining Avstraliyada yashagan davrida ekstremistik adabiyotlar va xudkushlik xurujlarini oqlaydigan materiallar ta’siriga tushganini, shuningdek, u yerda Abu Hamza taxallusi bilan tanilgan livanlik Samir Mohtadiy tomonidan boshqariladigan “MyCentre” markazi bilan aloqada bo‘lganini iddao qilmoqda. Shunga qaramay, mazkur markaz yoki uning rahbariga rasman to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy ayblov qo‘yilmagan.
Ijtimoiy tarmoqlarda murojaat bilan chiqqan Abu Hamza esa o‘z sha’niga aytilgan gaplarni asossiz va tuhmat deb atadi. U o‘zining ko‘p yillik faoliyati davomida doimo tinchlik, o‘zaro hurmat va jamiyat farovonligini targ‘ib qilib kelganini alohida urg‘ulab, zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishini qat’iyan qoralashini ma’lum qildi. Uning bayonotida tegishli xavfsizlik tuzilmalari bunday jiddiy xulosalarni e’lon qilishdan oldin o‘zi bilan bog‘lanib, ma’lumotlarni tekshirib ko‘rishlari lozimligi ta’kidlandi.
Fojia tafsilotlariga ko‘ra, reys davomida al-Hammomiy samolyot komandiri Smit Machchharga hujum qilgan vaqtda kabina eshigining g‘ayritabiiy tarzda ochilib-yopilayotganini payqab qolgan bortdagi yana bir uchuvchi, ekipaj a’zolari hamda yo‘lovchilar yordamida hujumchini zararsizlantirishga muvaffaq bo‘lgan. Hozirda Avstraliya va Yangi Zelandiya maxsus xizmatlari gumonlanuvchining ushbu mamlakatlarda o‘qigan davri va parvoz mashg‘ulotlari o‘tagan vaqtiga doir barcha aloqalarini sinchiklab tekshirmoqda.
Source: www.aljazeera.com