Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Amerikaning xAI kompaniyasi rahbari, milliarder Ilon Mask sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish jarayonida insoniyat xavfsizligini taʼminlash borasida oʻzining navbatdagi bahsli bayonotlari bilan chiqdi. Tadbirkorning soʻzlariga koʻra, superintellektni yaratish jarayonini shunchaki yaxshilik qilishga dasturlab boʻlmaydigan, oʻta murakkab xarakterga ega boʻlgan bolani tarbiyalashga qiyoslash mumkin.

Amerikalik tadbirkorning goʻyoki taʼkidlashicha, sunʼiy intellekt tizimlari «aqldan ozmasligi» hamda telbaga aylanib qolmasligi uchun ularga haqiqatga intilish hissini singdirish, shuningdek, mukammal va ziddiyatsiz mantiqni taqdim etish talab etiladi. Biroq, ushbu yondashuvning qanchalik samarali ekanligi va uning amalda qanday ishlatilishi hozircha nomaʼlumligicha qolmoqda.

Mask oʻzining Grok neyrotarmogʻining yangi modellarini sinovdan oʻtkazish jarayonida ayrim foydalanuvchilar chat-botdan haddan tashqari qatʼiylik bilan, tazyiq ostida javob talab qilayotganini payqaganini alohida qayd etdi. Uning iddaosicha, bot goʻyo «savolga javob berishga jon-jahdi bilan urinadi, haqiqatan ham javob berishni juda xohlaydi va uning boshiga toʻpponcha tirab qoʻyilgandek tuyuladi». AQSh rezidenti boʻlgan bu milliarderning bunday taqqoslashlari jamiyatda turli bahs-munozaralarga sabab boʻlmoqda.

Shuningdek, tadbirkor sunʼiy intellektga nisbatan shafqatsiz munosabatda boʻlmaslik kerakligini, chunki kelajakda bu salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi. Mask oʻzi hech qachon sunʼiy intellekt oʻrnida boʻlishni istamasligini tan olib, superintellektni qiynash yaxshi fikr emasligini, aks holda tizim keyinchalik qasos olishni istab qolishi mumkinligini taxmin qildi.

Source: kun.uz