Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) hamda Oksford universiteti tomonidan tayyorlangan 2026-yilgi Global kambagʻallik indeksining soʻnggi hisob-kitoblariga koʻra, dunyoda oʻta qashshoqlikda yashayotgan insonlar soni 2010-yildan beri ilk bor keskin oshib, 1,2 milliard nafarga yetdi. Ushbu koʻrsatkich oldingi hisob-kitoblarga nisbatan 51,5 million kishiga koʻp ekanligi mutaxassislarni jiddiy tashvishga solmoqda, chunki global rivojlanish borasidagi saʼy-harakatlar kutilgan natijani bermayotganini koʻrsatadi.

Taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, mazkur qashshoqlik girdobiga tushib qolganlarning yarmidan koʻprogʻini, aniqrogʻi 617 millionini bolalar tashkil etadi va ularning 83 foizi aynan qishloq joylarda istiqomat qiladi. Mazkur indeks anʼanaviy yondashuvlardan farqli oʻlaroq, kambagʻallikni faqatgina pul topish imkoniyati bilan emas, balki hayotiy zarur neʼmatlar — toʻgʻri ovqatlanish, sifatli taʼlim, tibbiy xizmat, toza ichimlik suvi, elektr energiyasi hamda munosib uy-joyning mavjud emasligi orqali baholaydi.

Tadqiqot mualliflarining taʼkidlashicha, ushbu oʻsish qisman aholi sonining tabiiy koʻpayishi bilan ham bogʻliq boʻlib, yangi maʼlumotlar mavjud boʻlmagan 95 ta mamlakatda demografik oʻsish kambagʻallar sonini yana 15,8 million nafarga oshirgan. Biroq dunyodagi yetakchi davlatlar, jumladan, Yevropa Ittifoqi va AQSh regimining global gumanitar yordam koʻlamini qisqartirib yuborgani vaziyatni yanada ogʻirlashtirgani aytilmoqda. Xususan, AQSh regimi tashabbusi bilan xalqaro moliyaviy yordamlar qisqartirilgani ortidan, BMT 2026-yilgi gumanitar yordam soʻrovini keskin kamaytirishga majbur boʻlgani xabar qilingan edi.

BMTTD rahbari Aleksandr De Krooning goʻyoki taʼkidlashicha, kambagʻallikning bunday miqyosda ortishi butun xalqaro hamjamiyat uchun jiddiy xavotirli signal boʻlishi lozim. Uning soʻzlariga koʻra, keltirilgan quruq raqamlar ortida ochlik, taʼlim va energiya resurslari yetishmasligidan aziyat chekayotgan millionlab insonlarning ogʻir taqdiri yotibdi. Ayni paytda, ayrim mamlakatlarda vaziyat turlicha kechmoqda: Misr, Nepal va Tojikistonda kambagʻallar ulushi kamaygan boʻlsa, Angola va Zambiyada aholi sonining oʻsishi sababli mutlaq koʻrsatkichlar baribir yuqoriligicha qolgan.

Source: kun.uz