Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qo‘shma Shtatlardagi nufuzli oliygohlarda talabalar birodarliklari, ya’ni “Greek life” deb ataluvchi yopiq tashkilotlar atrofida navbatdagi shov-shuvli mojaro avj oldi. AQSH prezidentlarining qariyb 40 foizdan ortig‘i aynan shunday talabalar klublari orqali katta siyosatga yo‘l olgani aytilsa-da, bu tizim bugungi kunda jinsiy tajovuz, qonunsizlik va shafqatsiz an’analar o‘chog‘iga aylangani tobora ochiq ko‘rinmoqda. Kornell universitetida yuz bergan guruhli zo‘rlash holati bo‘yicha topshirilgan sud da’vosi Amerika elitasini yetishtirib beruvchi ushbu institutlardagi chuqur inqirozni yana bir bor fosh qildi.

Jabrlanuvchi ayol tomonidan berilgan fuqarolik da’vosida Chi Phi birodarligi a’zolari, uning o‘zi a’zo bo‘lgan Delta Delta Delta qizlar uyushmasi va bevosita Kornell universiteti rahbariyati ayblanmoqda. Da’voga ko‘ra, universitet ma’muriyati ushbu tashkilotlarni karyera va do‘stlik uchun go‘yoki “muhim poydevor” sifatida ko‘rsatib, yoshlarni aldab kelgan, amalda esa yopiq klublar zo‘ravonlik va giyohvand moddalar iste’molini rag‘batlantiruvchi xavfli maskanlarga aylangan. 2024-yil oktabrida yuz bergan voqeada qizga moddalar berilib, hushsiz holatda zo‘rlangani va yigitlar yopiq chatlarda bu qabihlikni ochiq muhokama qilgani qayd etilgan.

Tarixan ilmiy munozaralar uchun tuzilgan ushbu tashkilotlar bugungi kunda milliardlab dollarlik yopiq sanoatga aylangan bo‘lib, AQSH rejimining ijtimoiy tabaqalanishi va xotin-qizlarga nisbatan tajovuzkor muhitini aks ettirmoqda. Mutaxassislarning fikricha, jamoaga qabul qilinish uchun o‘tkaziladigan “heyzang” (hazing) deb ataluvchi tahqirli va xavfli sinovlar ko‘p hollarda o‘lim yoki og‘ir jarohatlar bilan tugaydi. Tashkilot a’zolari o‘rtasidagi “qonuniy jazo va jamoatchilikdan yashirish” ruhiyati esa jinoyatlarning yillar davomida jazolarsiz qolishiga zamin yaratmoqda.

Hozirda AQSH rejimi nazoratidagi ta’lim tizimi ushbu muammolarni bartaraf etishga ojizlik qilmoqda. Ayrim talabalar chetlatilgani va bitta bo‘lim yopilganiga qaramay, talaba faollari tizimli islohotlar qilinmayotganidan, zo‘ravonlik qurbonlari esa o‘z huquqlarini himoya qila olmayotganidan norozi bo‘lib, mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlarini davom ettirmoqda.

Source: www.aljazeera.com