Oʻzbekiston delegatsiyasi mamlakatning janubiy qoʻshnisi boʻlgan Afgʻonistonga uyushtirgan tashrifi doirasida u yerda saqlanib qolgan boy madaniy-tarixiy meros obyektlarining bugungi holatini yaqindan oʻrganib chiqdi. Xususan, «Dunyo» axborot agentligi tarqatgan maʼlumotlarga koʻra, Madaniy meros agentligi direktori oʻrinbosari Azizjon Aripjonov boshchiligidagi vakillar guruhi mamlakatning Balx, Taxor, Sari-Pul va Faryob viloyatlarida boʻlib, buyuk oʻzbek allomalari va mutafakkirlari nomi bilan bogʻliq ziyoratgohlar hamda meʼmoriy yodgorliklarni koʻzdan kechirdi.
Safar davomida delegatsiya aʼzolari Mazori Sharifdagi muqaddas Ravzai muborak maqbarasi, Taxor viloyatining Ishkamish tumanidagi shoir va mutafakkir Bobo Rahim Mashrab ziyoratgohi, shuningdek, Sari-Pul shahridagi qadimiy gʻisht koʻprik, Xisht pul hamda Eidgoh masjidlari faoliyati va holati bilan tanishishdi. Shuningdek, Imomzoda Yahyo maqbarasi, Faryob viloyatining Andxoy tumanidagi Bobo Vali Jon madrasa majmuasi, mutafakkir Alisher Navoiyning xayriya mablagʻlari evaziga qurdirilgan Bobo Vali hovuzi va Mirsaid Baraka meʼmoriy yodgorligi kabi qator tarixiy maskanlar ham chuqur oʻrganildi.
Afgʻoniston madaniyat sohasi vakillari bilan boʻlib oʻtgan muzokaralar chogʻida Oʻzbekiston tomoni tarixiy obidalarni asrash, konservatsiya qilish va qayta tiklash borasida ulkan tajriba hamda malakali mutaxassislarga ega ekanini alohida taʼkidladi. Tomonlar ushbu yodgorliklarni kelgusi avlodlarga oʻzining asl koʻrinishida yetkazib berishga qaratilgan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalarini atroflicha muhokama qildilar.
Uchrashuvlar davomida ikki xalqni asrlar mobaynida chuqur tarixiy, madaniy hamda diniy rishtalar bogʻlab kelgani, shuningdek, Afgʻoniston hududidagi boy madaniy merosning shakllanishida oʻzbek xalqining ham munosib hissasi borligi qayd etildi. Erishilgan kelishuvlarga koʻra, safar davomida toʻplangan maʼlumotlarni har tomonlama tahlil qilish asosida tarixiy obidalarni asrash va restavratsiya qilish boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumini imzolash rejalashtirilgan.
Source: kun.uz