Avstraliyaning Kvinslend shtatida gʻayrioddiy anatomik nuqson bilan urgʻochi buzoq dunyoga keldi. Yangi tugʻilgan jonivorning bosh qismidan yana ikkita qoʻshimcha oyoq oʻsib chiqqani aniqlandi, bu esa uning egalarini qattiq tashvishga soldi. Dastlab xoʻjalik egalari buzoqni yoʻq qilishni oʻylagan boʻlishsa-da, keyinchalik malakali veterinarga murojaat qilishga qaror qilishdi va shifokor murakkab jarrohlik amaliyotini oʻtkazishni taklif etdi.
Naked Science nashrining ABC telekanaliga tayanib xabar berishicha, Spayder laqabini olgan buzoqni koʻzdan kechirgan veterinar Megan Smit oʻzining 20 yillik amaliy faoliyati davomida ilk bor shunday holatga duch kelganini tan olgan. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, basharti ortiqcha oyoqlar jarrohlik yoʻli bilan olib tashlanmaganida, hayvon ulgʻaygani sari jiddiy muammolarga duch kelar, jumladan, fazoda muvozanat saqlashda qiynalgan boʻlardi.
Sidney universiteti Veterinariya fanlari maktabi mutaxassisi Imke Tammanning soʻzlariga koʻra, hozircha bu noyob hodisaning aniq sababini aytish qiyin. Taxminiy tushuntirishlardan biri sifatida «parazit egizak» hodisasi koʻrib chiqilmoqda. Unga koʻra, embrion rivojlanishining dastlabki bosqichida bir homila oʻzining kamroq rivojlangan egizagini yutib yuboradi yoki singdiradi, natijada ikkinchi egizakning tana qismlari asosiy homilaga qoʻshilib qoladi.
Shunga qaramay, olimlar boshqa omillarni ham istisno etishmayapti. Xususan, hayvon embrionining rivojlanish jarayonida yuzaga kelgan turli buzilishlar ham qoʻshimcha oyoqlar paydo boʻlishiga turtki boʻlishi mumkin. Qoramollarda bunday holatlar koʻpincha irsiy genetik kasalliklar bilan bogʻliqligi maʼlum, biroq Spayderning holatida bu hali toʻliq tasdiqlanmagan.
Qariyb 90 daqiqa davom etgan murakkab operatsiyadan soʻng buzoqning ahvoli tezda tiklandi va u sogʻ-salomat holda onasining yoniga qaytarildi. Mutaxassislar bunday anomaliyalar qanchalik tez-tez uchrashi haqida hali yetarli statistik maʼlumotga ega emaslar.
Source: kun.uz