Insoniyatning Marsda doimiy yashashi va Qizil sayyorani oʻzlashtirishi uchun Yer bilan ishonchli aloqa oʻrnatish, ikki osmon jismi oʻrtasida yuk tashishni yoʻlga qoʻyish hamda odamlarning tirik qolishi uchun zarur sharoitlarni yaratish talab etiladi. Xitoylik tadqiqotchi Chjan Szyatszyun ushbu yoʻnalishdagi uchta fundamental vazifani sanab oʻtdi. Global Times nashriga tayanib tarqatilgan xabarlarga koʻra, Xitoy Fanlar akademiyasining Shanhay astronomiya observatoriyasi kichik ilmiy xodimi bu haqda oʻzining maxsus maqolasida batafsil toʻxtalib oʻtgan.
Birinchi navbatdagi vazifa sifatida Yer va Mars oʻrtasida barqaror axborot almashinuvini taʼminlash belgilangan. Bu omil kosmik apparatlar bilan aloqa qilish hamda ularning harakat traektoriyasini aniq belgilash uchun ota-umumiy ahamiyatga ega ekanligi aytilmoqda. Shanhay astronomiya observatoriyasi rahbarligida ishlab chiqilgan radiointerferometriya tizimi Marsga yoʻl olgan apparatlarning yoʻnalishini yuqori aniqlikda hisoblashda yordam berishi va bu texnologiya «Tyanven-1» missiyasida sinovdan oʻtkazilganligi iddao qilinmoqda.
Ikkinchi vazifa esa ikki sayyora oʻrtasida yuk va tuproq namunalarini tashish tizimini yaratishdan iborat. Hozircha insoniyat Marsga kosmik apparatlar yuborishga muvaffaq boʻlgan boʻlsa-da, Qizil sayyora moddalarini Yerga muvaffaqiyatli qaytarishning amalda toʻlaqonli sinalgan texnologiyasi hali mavjud emas. Xitoy hukumati ushbu boʻshliqni toʻldirish maqsadida «Tyanven-3» missiyasini amalga oshirishni rejalashtirayotgani, jumladan, uni 2028-yilda uchirib, tuproq namunalarini 2031-yil atrofida Yerga olib kelishni koʻzlayotgani xabar qilinmoqda.
Uchinchi va eng murakkab vazifa sifatida Marsda inson hayotini taʼminlash masalasi koʻtarilgan. Mutaxassisning taʼkidlashicha, Qizil sayyorada harorat oʻta past, radiatsiya darajasi nihoyatda baland, tortishish kuchi zaif va atmosfera bosimi yetarli emas. Shuningdek, suv hamda kislorod manbalari ham cheklangan boʻlib, odamlarning yashashi uchun mahalliy resurslardan foydalanish yoʻllarini topish talab etiladi. Shunga qaramay, Xitoy vakillari Merkuriy yoki Veneradagi oʻta ogʻir sharoitlarni hisobga olib, Marsni insoniyatning kosmosdagi eng real oraliq bosqichi deb baholamoqda.
Source: kun.uz