Madaniy meros agentligi direktorining o‘rinbosari Azizjon Aripjonov boshchiligidagi O‘zbekiston rasmiy delegatsiyasi Afg‘onistonga tashrif buyurib, mazkur mamlakat hududida saqlanib qolgan o‘zbek allomalarining tarixiy-madaniy meros obyektlarini yaqindan o‘rgandi. “Dunyo” axborot agentligining xabar berishicha, tashrif davomida tomonlar ushbu yodgorliklarni saqlash va ularni qayta tiklash masalalari yuzasidan o‘zaro fikr almashgan.
Safar davomida delegatsiya a’zolari Balx, Taxor, Sari Pul va Faryob viloyatlarida bo‘lib, u yerdagi bir qator noyob me’moriy yodgorliklar holatini ko‘zdan kechirdi. Xususan, Mozori Sharifdagi Ravzai muborak maqbarasi, Taxor viloyatidagi Bobo Rahim Mashrab ziyoratgohi, Sari Pul shahridagi tarixiy Xisht pul ko‘prigi va Eidgoh masjidlari o‘rganilgan obyektlar qatoridan joy oldi. Shuningdek, Imomzoda Yahyo maqbarasi, Faryobdagi Bobo Vali Jon madrasa majmuasi, Alisher Navoiy ko‘magida barpo etilgan Bobo Vali hovuzi hamda Mirsaid Baraka me’moriy obidasi ham diqqat markazida bo‘ldi.
Muzokaralar chog‘ida Afg‘oniston hududidagi boy madaniy meros obidalarida o‘zbek xalqining ham munosib hissasi borligi ta’kidlanib, ularni kelajak avlodlarga asl holida yetkazish borasida hamkorlik loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Tomonlar yig‘ilgan tahliliy ma’lumotlarni umumlashtirgan holda, kelgusida obidalarni asrab-avaylash va restavratsiya qilish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzolashga kelishib olishdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur hududlarda turli insidentlar, jumladan, 2023-yil fevralida Mozori Sharifdagi Alisher Navoiy haykali tushirilgan barelefga zarar yetkazilishi va 2025-yil avgustida esa haykalning butunlay vayron qilinishi kabi holatlar kuzatilgan edi. O‘shanda mahalliy hokimiyat vakillari buzilish markaziy ma’muriyat bilan kelishilmaganini bildirib, taassuf izhor qilgan va yangi yodgorlik majmuasi qurilishini boshlashni va’da qilgandi.
Source: www.gazeta.uz