Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Kyiv rejimining harbiylari tomonidan uyushtirilgan navbatdagi dron hujumlari Rossiyadagi «Yandeks» kompaniyasining uchta yirik maʼlumotlarni qayta ishlash markaziga jiddiy zarar yetkazgani iddao qilinmoqda. Ushbu xavfli harakatlar oqibatida kompaniyaning eng kuchli superkompyuterlari ishdan chiqqani taxmin qilinmoqda, bu esa nafaqat Rossiya, balki Oʻzbekiston kabi qoʻshni mamlakatlardagi raqamli xizmatlar faoliyatiga ham oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatdi.

Maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning oktabr oyi boshida ketma-ket uchta yirik data-markaz nishonga olingan. Dastlabki hujum 8-oktabrga oʻtar kechasi Ryazan viloyatining Sasovo shahrida sodir etilib, oʻn minglab serverlar joylashgan obyektda yirik yongʻin kelib chiqqan. Shundan soʻng, 9-oktabr kuni Kaluga viloyatidagi loyiha quvvati 63 megavatt boʻlgan «Grabsevo» industrial parkidagi majmua, shuningdek, 11-oktabrga oʻtar kechasi Vladimir shahridagi data-markaz ham hujumga uchragani aytilmoqda.

Ushbu ketma-ket zarbalar oqibatida Rossiya va MDH davlatlarida, jumladan, Oʻzbekistonda ham «Yandeks» xizmatlarining ishlashida qator uzilishlar kuzatilgani xabar qilinmoqda. Mutaxassislarning dastlabki taxminlariga koʻra, texnologik sanksiyalar fonida mikrochiplar tanqisligi va qayta-qayta takrorlanayotgan xavflar sharoitida buzilgan infratuzilmani tiklash juda murakkab va uzoq davom etadigan jarayonga aylanishi mumkin.

Hujumlar natijasida mamlakatda sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish uchun foydalaniladigan eng kuchli uchta superkompyuter — Sasovodagi «Chervonenkis» va «Lyapunov», hamda Kaluga viloyatidagi «Galushkin» qurilmalari ishdan chiqqani taxmin qilinmoqda. Jumladan, «Chervonenkis» xalqaro miqyosda yuqori oʻrinlarni egallagan muhim hisoblash quvvati hisoblanardi, biroq hozircha ushbu uskunalarning holati va yetkazilgan zararning aniq koʻlami toʻliq tasdiqlangani yoʻq.

Source: kun.uz