Meksika rahbariyati mamlakatdagi voyaga yetmaganlarni internet tarmog'idagi zo'ravonlik, shafqatsizlik va jinsiy xarakterdagi zararli materiallardan himoya qilishga qaratilgan yangi farmonni imzoladi. Ushbu hujjat TikTok, Meta va X kabi yirik ijtimoiy tarmoqlar hamda raqamli platformalarga nisbatan qat'iy cheklovlarni joriy etishni nazarda tutadi.
Qabul qilingan farmonga ko'ra, xalqaro texnologik gigantlar o'z tizimlarini shunday loyihalashtirishi kerakki, unda bolalar zo'ravonlik, ta'qib qilish yoki jinsiy zo'ravonlik bilan bog'liq kontentga duch kelmasligi ta'minlansin. Bundan tashqari, voyaga yetmaganlar profillaridan har qanday xavfli materiallarni zudlik bilan olib tashlash majburiyati yuklatildi.
Meksika rahbari Klaudiya Sheynbaum matbuot anjumanida ushbu talablarni bajarmagan kompaniyalarga nisbatan jinoiy yoki ma'muriy javobgarlikni nazarda tutuvchi qonunchilik tashabbuslarini qo'llab-quvvatlashini bildirdi. Uning so'zlariga ko'ra, agar raqamli platformalar o'z ixtiyori bilan mazkur choralarni ko'rmasa, bu masala qonun darajasida qat'iy tartibga solinadi.
Mazkur tashabbus oktabr oyi boshida Coahuila shtatidagi maktablardan birida sodir etilgan fojeali hujumdan so'ng yanada dolzarb tus oldi. O'shanda ikki nafar yosh yigit ta'lim muassasasiga uyushtirgan hujum oqibatida bir kishi halok bo'lib, uch kishi jarohat olgandi. Hukumat vakillarining ta'kidlashicha, platformalarga farmon talablarini bajarish uchun atigi bir oy vaqt beriladi.
Source: www.aljazeera.com