Dunyoning eng yirik neft kompaniyalaridan biri bo‘lgan Saudi Aramco kompaniyasining bosh qarorgohi Saudiya Arabistonida husiylar uyushtirgan hujum natijasida jiddiy talofat ko‘rgani ma'lum bo‘ldi. Reuters agentligining vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib xabar berishicha, yong‘in binoning oltinchi qavatidan o‘ninchi qavatigacha tarqalib, yuqori qavatlarda shiftlar qulab tushgan va derazalar sinib ketgan.
Shunga qaramay, rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, majmuaning kundalik ishlari odatdagi tartibda davom etmoqda. Xodimlarning bir qismi masofaviy ish rejimiga o‘tkazilgan, kompaniyaning ayrim funksiyalari esa xorijiy idoralarga ko‘chirilganligi aytilmoqda, garchi bu holat infratuzilmaning zaifligini ko‘rsatsa-da.
Agentlik suhbatdoshlarining ta'kidlashicha, olov binoning janubiy qanotidagi to‘qqizinchi qavatda kelib chiqqan va tezlik bilan bir nechta qavatlarni qamrab olgan. Xususan, bosh direktor kabineti joylashgan eng yuqori uchta qavat eng ko‘p zarar ko‘rgan bo‘lib, u yerda shiftlarning bir qismi qulagan, eshik va derazalar vayron bo‘lgan.
Saudiya Arabistoni Energetika vazirligi esa o‘z navbatida voqea oqibatlarini yumshatib ko‘rsatishga urinib, hujum faqat cheklangan miqyosdagi yong‘inga sabab bo‘lganini da'vo qilmoqda. Biroq, ushbu shtab-qaborgoh kompaniyaning barcha dengiz va quruqlikdagi neft platformalari, neftni qayta ishlash zavodlari hamda minglab kilometrlik quvurlarni boshqaradigan asosiy operativ markazi ekani uning strategik zaifligini ochib beradi.
Ushbu hujum Saudiya Arabistoni va Yaman hududidagi husiylar o‘rtasidagi ziddiyat keskinlashgan bir paytda sodir bo‘ldi. Eslatib o‘tamiz, avvalroq husiylar Ar-Riyod xalqaro aeroportiga ham zarba bergan edi, buning oqibatida kamida 12 kishi halok bo‘lib, 309 kishi tan jarohati olgan edi.
Source: podrobno.uz