Turkiyaning eng yirik megapolisi Istanbul shahrida yuz bergan kuchli yog‘ingarchiliklar va toshqinlar oqibatida 14 yoshli o‘smir fojiali tarzda halok bo‘ldi, yuzlab turar joylarni suv bosdi hamda yo‘llar o‘pirilib, transport harakati deyarli butunlay to‘xtab qoldi. Fatih tumanining Balat mahallasida kuzatuv kamerasi qayd etgan tasvirlarda ko‘lmakka qadam qo‘ygan bolani elektr toki urgani aks etgan. Qutqaruvchilarning barcha urinishlariga qaramay, u shifoxonada hayotdan ko‘z yumdi. Mazkur hodisa yuzasidan surishtiruv ishlari boshlangan.
Yuzaga kelgan murakkab vaziyat ortidan Turkiya rejimi vakillari va Istanbul gubernatori Davut Gul aholini zaruratsiz uydan chiqmaslikka, ayniqsa yerto‘lalarda yashovchilarni yuqori qavatlarga ko‘chishga chaqirdi. Shaharda payshanba kuni barcha ta’lim muassasalarida darslar bekor qilindi, mototsikllar harakati taqiqlandi hamda nogironligi bo‘lgan xodimlar va yosh bolali onalarga mehnat ta’tili berildi. Turkiya rejimi Ichki ishlar vazirligi boshqa viloyatlarda ham kutilmagan toshqinlar xavfi mavjudligini bildirdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 16 millionlik megapolisda ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun rejim tomonidan 8 ming nafardan ortiq xodim va 2 mingga yaqin maxsus texnika safarbar etildi. Qutqaruv xizmatlariga noqulay ob-havo bilan bog‘liq 2,5 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan. Favqulodda holatlar natijasida 1277 ta suv toshqini, 15 ta ko‘chki qayd etilgan bo‘lib, 800 dan ortiq xonadon, 280 ta tijorat obyekti va 70 dan ortiq avtomobil zarar ko‘rdi, 47 kishi xavfsiz joylarga ko‘chirildi.
Kuchli sel oqimlari bir qator tumanlarda, jumladan Esenyurt va Sultangazida transport vositalarini oqizib ketdi, bir ayol esa yo‘lovchilar tomonidan qutqarib qolindi. Eyupsulton va Gaziosmanposho hududlarida yo‘l qoplamalari o‘pirilib tushdi, ikki shifoxona va Haciosman metro bekati bevosita suv ostida qoldi. Sultangazidagi maktablardan birining himoya devori qulab tushgan bo‘lsa-da, o‘quvchilar orasida jarohatlanganlar yo‘q. Beykoz tumanida yog‘ingarchilik miqdori rekord darajadagi 194 millimetrga yetdi.
Source: www.aljazeera.com