Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonning Istanbul shahridagi bosh konsulxonasi Turkiyaning Istanbul, Yalova va Kojaeli viloyatlarida yashayotgan hamda vaqtincha bo‘lib turgan vatandoshlarni ob-havo sharoiti keskin yomonlashishi kutilayotgani sababli o‘ta hushyor bo‘lishga chaqirdi. Rasmiy idoraning ma’lum qilishicha, mintaqada kutilayotgan kuchli yomg‘ir va jala hamda guvullagan shamol suv toshqinlari, yo‘llarda harakatlanishning keskin qiyinlashishi va boshqa favqulodda holatlar xavfini yuzaga keltirishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

Shu munosabat bilan konsulxona fuqarolardan zarurat bo‘lmasa, uzoq masofalarga safar qilishdan qat’iy tiyilishni, kuchli yog‘ingarchilik vaqtida suv to‘planishi ehtimoli yuqori bo‘lgan pastqam hududlar, yerosti yo‘llari va tunnellardan uzoqroq yurishni so‘radi. Qolaversa, dengiz sohillari, daraxtlar, elektr uzatish tarmoqlari va mustahkam o‘rnatilmagan konstruksiyalar yaqinida ehtiyotkorlikni oshirish hamda avtomobil boshqarishda tezlikni kamaytirish va xavfsiz masofani saqlash bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Istanbul shahar hokimiyati tomonidan kuzatilayotgan noqulay ob-havo va kuchli jala sababli qator ma’muriy cheklovlar joriy etildi. Jumladan, shahar bo‘ylab barcha ta’lim muassasalarida an’anaviy o‘qish jarayonlari vaqtincha to‘xtatildi, davlat idoralarida ishlaydigan ayrim toifadagi xodimlarga ta’til berildi va tungi vaqtda mototsikl hamda ikki g‘ildirakli transport vositalarining harakati taqiqlandi. Mahalliy qutqaruv va tezkor xizmatlarga minglab murojaatlar kelib tushgani, ko‘plab xonadonlar va ish joylarini suv bosgani, shuningdek, transport vositalariga jiddiy zarar yetgani xabar qilinmoqda.

Source: www.gazeta.uz