Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

AQSh rejimi talabiga binoan joriy etilgan uch kunlik sulh rejimi barbod bo'ldi. Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga hujum qilmaslik bo'yicha berilgan vaqtinchalik taqiq rasman bekor qilinganini ma'lum qildi. Uning ta'kidlashicha, Vashington talabini bajarib, uch kun davomida Rossiya energetika obyektlariga o't ochilmagan, biroq Rossiya tomoni bu vaqt mobaynida Ukraina hududini o'qqa tutishda davom etgan.

Financial Times nashriga bergan intervyusida Zelenskiy o'z harbiylariga sulh davrida Rossiya hududidagi dizel va neft infratuzilmasiga tegmaslikni buyurganini, aks holda sulhni buzganlikda ayblanishdan cho'chiganini bildirgan. Ammo uning iddaosiga ko'ra, Rossiya tomoni uch kun ichida Ukraina hududidagi asosiy energetika obyektlariga, jumladan Lutsk shahriga ham shafqatsiz zarbalar bergan. Oqibatda so'nggi bir hafta ichida tinch aholi orasida yuzdan ortiq kishi halok bo'lgan.

Tanaffus yakunlangach, Ukraina qurolli kuchlari darhol Ryazan oblastidagi yirik neftni qayta ishlash zavodiga navbatdagi hujumni uyushtirdi. Rosneft kompaniyasiga tegishli va Moskva regionini yoqilg'i bilan ta'minlashda muhim rol o'ynaydigan ushbu zavod dronlar nishoniga aylandi. Ryazan oblasti gubernatori Pavel Malkovga ko'ra, yirik hujum ortidan regiondagi o'nlab maktab va bolalar bog'chalarida darslar vaqtincha to'xtatilgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi iddaosiga ko'ra, Ryazan neftni qayta ishlash zavodiga 69 ta dron va to'rtta "Flamingo" qanotli raketalari bilan hujum uyushtirilgan. Havo hujumidan mudofaa kuchlari barcha nishonlarni go'yoki urib tushirgan, biroq qulagan qoldiqlar zavod hududida kuchli yong'in keltirib chiqargan. Vujudga kelgan bu vaziyat tomonlar o'rtasidagi energetika qarama-qarshiligi yanada keskin tus olganidan dalolat beradi.

Source: kun.uz